Futzal boʻyicha JCh oldidan FIFA va OʻFA vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanni OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ochib berdi.
— Avvalambor barchangizni Qurbon hayiti bilan hamda Siz jurnalistlarni kasb bayramingiz bilan tabriklaymiz. Yurtimizda yana bir bayram — xalqimiz va futzalchilarimizni orzusi hisoblangan mundial shukuhi kezib yuribdi.
— Oʻzbekiston soʻnggi yillarda bir qator nufuzli turnirlarga mezbonlik qilib, koʻplab tajriba orttirdi. Bu esa 2024-yilgi futzal boʻyicha JChga Oʻzbekistonning mezbonlik qilish imkoniyatini oshirdi, deya olamiz. Qayd etish kerak, bu oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Mamlakatimizda davlatimiz rahbarligida sportga katta eʼtibor berilmoqda. FIFA Prezidenti Janni Infantino yurtimizga tashrifi davomida davlatimiz rahbari bilan uchrashib, Oʻzbekiston yirik turnirlarni oʻtkazish, mezbonlik qilishga ishtiyoqi yuqori ekanligi, mamlakatimizda soʻnggi yillarda koʻplab sohalar singari sportga ham eʼtibor va yondashuv oʻzgarib borayotganini qayd etdi.
— Biz avvalgi yillar davomida musobaqalar geografiyasini hududlarga ham koʻchirdik. Qashqadaryo, Namangan, Fargʻonada bir qancha xalqaro oʻyinlar oʻtdi. Bu esa viloyatlarda infratuzilmalarni rivojlantirish, mutaxassislarni xalqaro tajribasini oshirishga xizmat qildi, desak boʻladi. Yurtimizda futzalga berilayotgan eʼtibor, milliy chempionatimiz va undagi sogʻlom raqobat ham futzal boʻyicha Jahon chempionatini yurtimizda oʻtkazilishiga sabab boʻldi, desak boʻldi.
OʻFA qoshidagi futzalni rivojlantirish qoʻmitasi rahbari Jahongir Usmonov:
— Xalqaro musobaqalarni oʻtkazish boʻyicha bizda tajriba bor. Biz Osiyo chempionatlariga mezbonlik qildik. Lekin, bilasiz, Jahon chempionati boshqa daraja va unga yanada yaxshiroq tayyorgarlik koʻrishimiz kerak.
— FIFA vakillari bilan dastlabki inspeksiya ishlarini olib bordik. Hududlarning imkoniyatlarini oʻrgandik.
— Oldimizda ishlarimiz koʻp.Bu sohani ichidagi barcha — futzalchi, murabbiy, mutaxassislar va OAV vakillari birgalikda harakat qilib, ushbu Jahon chempionatini ham yuqori saviyada oʻtkazishimizga ishonaman.
FIFA musobaqalar oʻtkazish boʻlimi boshligʻi Haime Yarza Gonzalez:
— 2024-yilgi Jahon chempionati mezboni etib Oʻzbekiston variantida toʻxtadik. Chunki yurtingiz koʻplab musobaqalarni ajoyib ravishda oʻtkaza oldi. Barchamiz buni guvohi boʻldik. Oʻzbekistonning xalqaro turnirlarni oʻtkazish tajribasiga tayanib, ushbu sport turini yurtingizda yanada ommalashtirish yuzasidan bu qarorga keldik.
— Oʻzbekistonga kelishdan oldin koʻp narsa kutgandik. Har bir shaharda futzalga boʻlgan qiziqishdan mamnun boʻldik. Fursatdan foydalanib, bugungi anjumanda ishtirok etayotgan Oʻzbekiston futzal MTJga Jahon chempionatida omad tilayman.
— Ushbu tashrif davomida janob Ravshan Irmatov va Jahongir Usmonov bilan birgalikda beshta shaharda — Toshkent, Fargʻona, Andijon, Samarqand va Buxoroda boʻldik. U yerdagi maydonlar, mashgʻulot zallari va mehmonxonalarni oʻrganib chiqdik. Endilikda OʻFA vakillari bilan ushbu inspeksiya natijalarini tahlil qilamiz hamda yakuniy qarorimizni eʼlon qilamiz.
— Bu Oʻzbekiston uchun nafaqat oʻzining futzal imkoniyatlarini namoyish etish, balki Yangi Oʻzbekistonni ham dunyoga yana bir bor koʻrsatish imkoniyati, desa ham boʻladi. Chunki ushbu mundial butun dunyo boʻylab namoyish etiladi, uni millionlab odamlar tomosha qiladilar, bundan tashqari yurtingizga koʻplab mamlakatlardan ishqibozlar tashrif buyuradi.
— Oʻzbekistondagi Jahon chempionatini yuqori saviyada oʻtkazish uchun oldimizda vaqt bor va albatta qiladigan ishlarimiz ham koʻp. Oʻylaymanki, mahalliy tashkiliy qoʻmita bilan birgalikda FIFA Jahon chempionatini ham yuqori saviyada oʻtkazamiz.
Anjuman davomida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Matbuot anjumani videosini OʻFAning YouTube sahifasi orqali tomosha qilishingiz mumkin.
📹 https://youtube.com/live/P5NKzuiew6M?feature=share