Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirish yoʻlida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa boshchiligidagi OFK delegatsiyasi mamlakatimizda boʻlib turibdi.
Bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida O’FA prezidenti Abdusalom Azizov, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov, OʻFA vitse-prezidenti Azizbek Ikromov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va OFK delegatsiyasi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda OFK hamda OʻFA oʻrtasidagi oʻzaro ishonchga asoslangan keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
OʻFA prezidenti Abdusalom Azizov, avvalo, Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifaning Osiyo futbol konfederatsiyasi rahbarligiga saylangani bilan samimiy qutladi va so’ngi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashganini taʼkidladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining futbolni rivojlantirishga qaratilgan Qarori yurtimizda ushbu sport turini yanada ommalashtirishga ulkan turtki bo‘lishi qayd etildi. Toshkent viloyatida qad rostlayotgan Oʻzbekiston Terma jamoalari markazi qurilishi davom etayotgani, Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazida barcha yoʻnalish boʻyicha muntazam oʻquv jarayoni yoʻlga qoʻyilgani, bolalar akademiyalari faoliyatini yuqori bosqichga olib chiqish bo’yicha ishlar olib borilayotganligi taʼkidlandi.
“OFK bilan hamkorligimiz yangi bosqichga chiqayotganidan mamnunmiz. Biz OFK ko‘magida qitʼaning nufuzli turnirlari U-23 va U-20 Osiyo kubogi musobaqalarini muvaffaqiyatli qabul qildik. Ushbu turnirlar o‘zbekistonlik millionlab futbol muxlislari uchun xaqiqiy bayramga aylandi, yoshlarning qiziqishini yanada oshirdi, stadionlarni to‘ldirdi. Mutaxassislarimiz xalqaro tajribaga ega bo‘ldi. Hududlardagi futbol infratuzilmasi sezilarli darahada yaxshilandi. Shuningdek, bugunga kelib 7 nafar vakilimiz OFK muntazam qo‘mitalariga tayinlangani biz uchun katta ahamiyat kasb etadi. Kelajakda ham qitʼa miqyosidagi har qanday musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etishda bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Bu yil oktyabr oyida o‘tkaziladigan bosh kotiblar ishtirokidagi OFK kongressini ham qabul qilishdan mamnunmiz. Shuningdek biz nafaqat professional, balki ommaviy futbolni rivojlantirish maqsadida Respublika musobaqalari va festivallarini tashkil etyapmiz. Ishonamizki, ommaviy futbol odamlarni birlashtiradi va yangidan-yangi iqtidorli yoshlarni kashf qilishga xizmat qiladi.”, — dedi OʻFA prezidenti.
Oʻz navbatida Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa ushbu ishlarni yuqori baholab, O’zbekiston OFK uchun mintaqadagi eng yaqin hamkor ekanligini eʼtirof etdi.
“Oʻzbekistonni mintaqada salohiyati va imkoniyatlari yuqori boʻlgan ishonchli hamkor sifatida bilamiz. Davlat rahbarining qoʻllab-quvvatlashi natijasida yurtingizda futbol oʻsib borayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Ayniqsa sizning boshchiligingizda U-20 Osiyo kubogi musobaqasi yuqori saviyada o’tkazildi. Davlat rahbari final uchrashuviga tashrif buyurgani yurtingizda ushbu sport turiga bo’lgan yuqori e’tiborni ko’rsatib turibdi. Hayotga tatbiq etayotgan rejalaringiz o’z samarisini berayotganini yoshlaringiz chempion bo’lganidan ham bilib olish mumkin. Siz tomoningizdan berilgan barcha takliflarni ko’rib chiqishga tayyormiz”, — dedi OFK rahbari.
Uchrashuv davomida kelgusi yillarda bir nechta Osiyo musobaqalari va tadbirlarini Oʻzbekistonda oʻtkazish taklifi ilgari surildi. OFK bosh kotiblari Kongressida qit‘amiz va FIFAning yuqori lavozim egalari hamda assotsiatsiyalar rahbarlari ishtirok etib, O‘zbekiston bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishi haqida so‘z bordi.
Samimiy va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni keng qamrovda davom ettirishga kelishib olishdi.