Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda soʻnggi turlar doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvlardagi intizomiy ishlar koʻrib chiqildi.
Coca-Cola Superligasi
“Bunyodkor” — “Nasaf”
Superliganing 6-turi doirasidagi “Bunyodkor” — “Nasaf” uchrashuvining 33-daqiqasida “Nasaf” klubining 70-raqamli futbolchisi Abubakir Rizo Turdialiyev zaxira oʻrindigʻidan turib yon hakam shaʼniga haqoratli soʻzlar ishlatgan uchun maydondan chetlashtirilgan. Bundan tashqari, uchrashuv yakunlangandan soʻng tribuna osti yoʻlakchasida uchrashuv hakamlariga nisbatan tajovuzkor xatti-harakat qilib, takroran hakamlar shaʼniga haqoratli soʻzlar ishlatgan va ommaviy tartibsizliklar vujudga kelishiga sababchi boʻlgan.
Uchrashuvining 71-daqiqasida “Nasaf” vakili Umar Eshmurodov oyogʻining tag qismi bilan raqib oʻyinchisi oyogʻining himoyalanmagan qismiga zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.
Uchrashuv yakunlanganidan soʻng “Nasaf” klubining bosh murabbiyi Roʻziqul Berdiyev bosh hakam hamda maydondagi futbolchilarga nisbatan haqoratli soʻzlar ishlatgan, undan tashqari “Bunyodkor” futbol klubining 4-raqamli futbolchisi D.Ergashevga nisbatan maydonda hamda tribuna osti yoʻlakchasida tajovuzkor xatti-harakat qilib, ommaviy tartibsizliklar vujudga kelishiga sababchi boʻlgan.
Shuni qayd etish kerak, bu Roʻziqul Berdiyev tomonidan oʻyin rasmiylari va raqiblarga nisbatan qoʻpol munosabatda bo‘lishi bilan bog‘liq birinchisi holat emas. Professional mutaxassis hamda murabbiy sifatida Berdiyev oʻz shogirdlariga oʻrnak boʻlishi, tartibsizliklar yuzaga kelganda jamoasini tinchlantirishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.
“Nasaf”ning boshqa vakillari — Abduvohid Neʼmatov va Mateus Lima Kruz ommaviy tartibsizlik vaqtida oʻzlarini agressiv tutib, “Bunyodkor” stadionining futbolchilar kirish yoʻlakchasidagi oyna hamda eshikni tepib, sindirib ketishgan.
Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra:
1. “Nasaf” futbol klubiga nisbatan jarima intizom chorasi;
2. Umar Eshmurodovga nisbatan 2 ta oʻyinga chetlashtirish intizom chorasi;
3. Jamoa bosh murabbiyi Roʻziqul Berdiyevga nisbatan 5 ta oʻyinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi;
4. Futbolchi Abubakir Rizo Turdialiyevga nisbatan 4 ta oʻyinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi;
5. Futbolchilar Abduvohid Neʼmatov va Mateus Lima Kruzga nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.
Qoʻmita mazkur bahsda “Bunyodkor” vakillari tomonidan sodir etilgan harakatlarni ham koʻrib chiqdi. Xususan, oʻyin davomida jamoa murabbiyi Hikmat Hoshimov ogohlantirishlarga qaramay texnik zonaga chiqib, futbolchilarga koʻrsatmalar berib borgan.
Uchrashuvning 90+7-daqiqasida“Bunyodkor” klubining 4-raqamli futbolchisi Davron Ergashev urilgan golni nishonlash paytida muxlislar qarshisida nojoiz xatti-harakatlar qilgan hamda uchrashuv yakunlangandan soʻng provokatsion harakatlar qilib, oʻzini agressiv tutgan. Bu esa ommaviy tartibsizliklar vujudga kelishiga sabab boʻlgan.
Jamoaning yana bir aʼzosi Usmonali Ismonaliyev urilgan golni nishonlash paytida muxlislar qarshisida nojoiz xatti-harakatlar qilgan.
Uchrashuvi yakunlangandan soʻng esa “Bunyodkor” klubining 14-raqamli futbolchisi Ahmadjon Anvarov ommaviy tartibsizlik vaqtida oʻzini agressiv tutib, raqib oʻyinchisiga nisbatan tajovuzkor xatti-harakat sodir etgan.
Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra:
1. “Bunyodkor” futbol klubiga nisbatan jarima intizom chorasi;
2. Jamoa murabbiyi Hikmat Hoshimovga nisbatan jarima intizom chorasi;
3. Futbolchi Davron Ergashevga nisbatan 5 ta oʻyinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi;
4. Futbolchilar Usmonali Ismonaliyev va Ahmadjon Anvarovga nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.
“Metallurg” — “OKMK”
Superliganing 6-turi doirasidagi “Metallurg” — “OKMK” uchrashuvining 22-daqiqasida “OKMK” futbolchisi Sanjar Tursunov toʻp uchun kurashish vaqtida oyogʻining tag qismi bilan raqib oʻyinchisini oyoq qismiga zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.
Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Sanjar Tursunovga (“OKMK”) nisbatan 2 ta oʻyinga chetlashtirish intizom chorasi qoʻllanildi.
“Olimpik” — “Buxoro”
Superliganing 6-turi doirasidagi “Olimpik” — “Buxoro” uchrashuvining 54-daqiqasida mezbonlar futbolchisi Muhammadali Gʻiyosov toʻp uchun kurashish vaqtida oyogʻining tag qismi bilan raqib oʻyinchisining tizza qismiga zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.
Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Muhammadali Gʻiyosovga (“Olimpik”) nisbatan 2 ta oʻyinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi qoʻllanildi.
“Paxtakor” — “Soʻgʻdiyona”
Superliganing 6- turi doirasidagi “Paxtakor” — “Soʻgʻdiyona” uchrashuvining 7-daqiqasida “Paxtakor” futbolchisi Doston Tursunov raqib oʻyinchisining yuz qismiga qoʻli bilan zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.
Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Doston Tursunovga (“Paxtakor”) nisbatan 3 ta oʻyinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi qoʻllanildi.
Pro liga
“Lokomotiv” — “Dinamo plyus”
Pro liganing 5-turi doirasidagi “Lokomotiv” — “Dinamo plyus” uchrashuvining 90+6- daqiqasida mezbonlar futbolchisi Manuchehr Safarov raqib oʻyinchisi yuz qismiga qoʻli bilan zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.
Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Manuchehr Safarovga (“Lokomotiv”) nisbatan 3 ta oʻyinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi qoʻllanildi.
Birinchi liga
“Yangiyer” — “Chigʻatoy”
Birinchi liga musobaqasining 2-turidan oʻrin olgan “Yangiyer” — “Chigʻatoy” uchrashuvining 73-daqiqasida “Yangiyer” jamoasining futbolchisi Muhriddin Rasulov toʻpsiz vaziyatda raqib oʻyinchisini tepganligi uchun maydondan chetlashtirilgan.
Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Muhriddin Rasulovga (“Yangiyer”) nisbatan 3 ta oʻyinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi qoʻllanildi.
Barcha murabbiy, futbolchi, hakam va rasmiylarga murojaat qilib, har qanday vaziyatda ehtiroslarga berilmasdan, ogʻir-vazmin va professional boʻlishga chaqiramiz. Shu oʻrinda Sizlar oʻsib kelayotgan yoshlar uchun oʻrnak-namuna ekanliklaringizni yana bir bor eslatib oʻtamiz!