Free ebooks Library zlibrary project В 1win казино регистрация занимает всего пару минут. Вход через зеркало и промокоды помогут вам наслаждаться игрой и увеличат ваши шансы на победу!

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishida bir qator masalalar koʻrib chiqildi. Jumladan, Oʻzbekiston Superligasi, Pro liga va Birinchi liganing bir qancha uchrashuvlarida bosh hakam sifatida ishlagan E.Tursunov oʻzining tanishi fuqaro R.Saxobutdinov orqali xorijiy bukmeykerlik tashkilotlari vakillari bilan oʻzaro til biriktirgan holda oʻyinlarning natijasiga taʼsir oʻtkazish va totalizatorga pul tikish orqali moddiy manfaatdor boʻlib kelgan.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qoʻmitasi E.Tursunovni Intizom kodeksining 5.60-bandi bilan aybdor deb topdi va unga nisbatan futbol bilan bogʻliq faoliyatning barcha turidan umrbod chetlatish jazosi tayinlandi. Fuqaro R.Saxobutdinov ham Intizom kodeksining ushbu bandi bilan aybdor deb topilib, oʻrganish ishlariga yordam berganligi va boshqa yengillashtiruvchi holatlar inobatga olinib, unga nisbatan futbol bilan bogʻliq faoliyatning barcha turidan 2 yil muddatga chetlatilish jazosi belgilandi.

Shuningdek, bir qator futbolchilar kelishilgan oʻyinlarda ishtirok etganlikda gumon qilinayotganligi holati yuzasidan “Mashʼal” PFK tomonidan yuborilgan murojaatni oʻrganish natijasida quyidagilar aniqlandi.

Xususan, futbolchilar S.Raxmatullayev va N.Pavlenkolar xorijiy bukmeykerlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi tashkilot vakillari bilan hamkorlik qilib, kelishilgan oʻyinlarda qatnashishga harakat qilganligi aniqlandi. Ushbu futbolchilar Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qoʻmitasi tomonidan Intizom kodeksining 5.52, 5.53, 5.60-bandlariga asosan aybdor deb topilib, ularga nisbatan futbol bilan bogʻliq faoliyatning barcha turidan 1 yil muddatga chetlatish hamda jarima intizom jazosi tayinlangan.

Shu bilan birga, “Mashʼal” PFK futbolchilari R.Yagudin va D.Toʻxtaboyevlar OʻFA Intizom kodeksining 5.53-bandiga muvofiq “Futbol butunligini (yaxlitligini) himoya qilish toʻgʻrisidagi Deklaratsiya” bandlarini bajarmagani, yaʼni sport meʼyoriy hujjatlariga zid boʻlgan har qanday urinish yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining Futbol faoliyatini nazorat qilish boʻyicha maxsus inspeksiyasini oʻz vaqtida xabardor qilmagani uchun aybdor deb topilib, har biriga jarima jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, 2010-yilda (U-12) tugʻilgan tarbiyalanuvchilar oʻrtasida “Professional futbol maktablari ligasi” Oʻzbekiston kubogi doirasidagi Toshkent viloyati FMM — Xorazm viloyati FMM oʻrtasidagi uchrashuvni boshqargan hakamlar M.Orzidinov, G.Bobomurodov va M. Begaliyevlarga oʻyinni “toʻgʻri” boshqarishlari uchun “Xorazm” PFKning yordamchi murabbiyi M.Abdullayev tomonidan 3 mln. soʻm miqdorida pul mablagʻlari berilgan.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qoʻmitasi tomonidan bosh hakam M.Orzidinovga 2 yil muddatga, hakamlar G.Bobomurodov va M. Begaliyevlarga 1 yil muddatga, “Xorazm” PFKning yordamchi murabbiyi M.Abdullayevga esa 1 yil muddatga futbol bilan bogʻliq faoliyatning barcha turidan chetlatish intizom jazolari tayinlandi.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi kelishilgan oʻyinlarni aniqlash boʻyicha OFK, “Sportradar” va boshqa tegishli tashkilotlar bilan bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib kelayotganligini maʼlum qiladi. Oʻz navbatida, kelgusida aniqlanadigan holatlar yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishi toʻgʻrisida ogohlantiradi.