Oʻzbekiston va Yaponiya futbol assotsiatsiyalari rahbariyati oʻrtasida hamkorlik masalalariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv avvalida ikki mamlakat oʻrtasida futbolni rivojlantirish borasidagi harakatlar yangi bosqichga chiqqanligi qayd etildi. Yaponiya futboli xalqaro maydonda ham oʻz nufuziga ega ekanligi, mamlakatda bolalar futbolining darajasi hamda yapon mutaxassislarining oʻz ishiga professional va talabchanligi eʼtirof etildi.
“Oxirgi yillarda Yaponiya bilan hamkorlik yangi bosqichga chiqdi. Xususan, sport tibbiyoti yoʻnalishida ham keng koʻlamli ilmiy aloqalar oʻrnatilgan. Yaponiyalik mutaxassislar ayollar terma jamoamizda faoliyat yuritmoqda, shuningdek, yapon mutaxassislari oʻzbekistonlik shifokorlar bilan oʻzaro tajriba almashib kelmoqdalar. Bundan tashqari, turli yoshdagi terma jamoalar, xususan, Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi Yaponiyada boʻlib oʻtgan xalqaro musobaqalarda ishtirok etib kelmoqda. Oʻz navbatida, Yaponiya yoshlar terma jamoasi ham yurtimizda oʻtkazilgan turnirda qatnashdi. Bu bilan toʻxtab qolmaymiz. Kelgusida ham shu kabi oʻyinlarni davomiy tashkillashtirib borish maqsad qilingan” dedi Ravshan Irmatov.
Oʻz navbatida, Yaponiya futbol assotsiatsiyasi rahbari Kodzo Tashima Oʻzbekiston bilan ikki tomonlama doʻstlik va hamkorlik aloqalaridan mamnun ekanligini aytib, yangi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Kun tartibiga koʻra, futbolni rivojlantirish va ommalashtirish yuzasidan oʻzaro tajriba almashish, terma jamoalar oʻrtasida xalqaro musobaqalarni tashkil etish, sport tibbiyoti va futbol mutaxassislarini qayta tayyorlash va oʻzaro tajriba almashish, assotsiatsiyalar oʻrtasida har tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida tomonlar oʻrtasida memorandum imzolandi. Hujjatda mashgʻulotlar va oʻyinlar davomida futbolchilarning jismoniy holatini tahlil qilish yoʻnalishi, shuningdek, sport tibbiyoti, jarohatlarning oldini olish boʻyicha hamkorlik oʻrnatish koʻzda tutilgan.