Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qoʻmitasi tomonidan “Professional futbol maktablari ligasi” Oʻzbekiston chempionati Futbol mahorat maktablari (futbol akademiyalari) musobaqasining 2006-yilda tugʻilgan tarbiyalanuvchilari oʻrtasida Navoiy viloyatida boʻlib oʻtgan ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs va munozaralarga sabab boʻlgan vaziyatlar boʻyicha kelib tushgan murojaat va eʼtirozlar koʻrib chiqildi.
“Professional futbol maktablari ligasi” Oʻzbekiston chempionati Futbol mahorat maktablari musobaqasining 2006-yilda tugʻilgan tarbiyalanuvchilari oʻrtasida Navoiy viloyatida oʻtkazilgan 5-tur doirasidagi Jizzax FMM va Andijon FMM jamoalari oʻrtasidagi uchrashuv yakunidan soʻng ikki jamoa futbolchilari oʻrtasida (jami 9 nafar) janjal sodir boʻlib, mushtlashuvga aylangan.
Uchrashuv bosh hakami tomonidan uchrashuv yakunlanganidan soʻng, Jizzax FMM jamoasining futbolchisi J.Ergashev jahl qilgan holda toʻpni zarb bilan tepib yuboradi, toʻp esa Andijon FMM futbolchisi A.Abdunabiyevga borib tegadi. Shundan soʻng ikki jamoa futbolchilari oʻrtasida janjal sodir boʻlgan.
Bundan tashqari, “Professional futbol maktablari ligasi” Oʻzbekiston chempionati musobaqasi tashkiliy qoʻmitasining bildirgisiga koʻra, joriy yilning 17-oktyabr kuni mazkur musobaqaning 7-tur doirasida Buxoro FMM — Namangan FMM jamoalari oʻrtasidagi uchrashuvda sport prinsiplariga xos boʻlmagan vaziyat aniqlangan.
Jumladan, “B” guruxining soʻnggi 7-turida Andijon FMM, Navoiy FMM, Buxoro FMM va Namangan FMM jamoalarining keyingi bosqichga chiqish imkoniyati bor boʻlib, ushbu uchrashuvlar quyidagi holatda bir vaqtda boshlangan (uchrashuv davomiyligi 70 daqiqa, xar bir taym 35 daqiqadan):
Navoiy FMM — Andijon FMM soat 11:00, “Kimyogar” oʻyingohi (Navoiy shahri);
Buxoro FMM — Namangan FMM soat 11:00, “Yoshlik” oʻyingohi (Navoiy shahri).
Navoiy FMM — Andijon FMM uchrashuvining 69-daqiqasida uchrashuv bosh hakami Axunov Meyirbek (Qoraqalpogʻiston Respublikasidan) Andijon FMMning 17-raqamli futbolchisi oʻz jarima maydoni ichida raqib futbolchisining oyogʻiga zarba bergan va uchrashuv bosh hakami Andijon FMM darvozasi tomon 11 metrlik jarima zarbasini belgilagan. Navoiy FMM jamoasi jarima zarbasini aniq amalga oshirib, 1:0 hisobida oldinga chiqib olgan. Bosh hakam tomonidan uchrashuvga 3 daqiqa vaqt qoʻshib berilib, mazkur vaqt yakuniga yetgach, Navoiy FMM jamoasi Andijon FMM jamoasi ustidan 1:0 hisobida gʻalaba qozonadi.
Oʻzbekiston hakamlari markazi huzuridagi Ekspert-hakamlar markazining xulosasiga koʻra, Navoiy FMM — Andijon FMM uchrashuvi bosh hakami tomonidan belgilangan 11 metrlik jarima zarbasi toʻgʻri belgilanganligi qayd etilgan.
Buxoro FMM — Namangan FMM uchrashuvining 70-daqiqasiga qadar Namangan FMM jamoasi 2:1 hisobida oldinda borayotgan boʻlgan. Bosh hakam tomonidan qoʻshib berilgan 4 daqiqa ichida Buxoro FMM jamoasi 70+2 va 70+4 daqiqalarda Namangan FMM jamoasi darvozasini shubhali tarzda ishgʻol qilgan. Eng achinarlisi, Namangan FMM va Buxoro FMM jamoalari futbolchilari gollardan soʻng bir-birlarini ochiqchasiga tabriklashgan. Bundan tashqari, Namangan FMM bosh murabbiyi tomonidan oʻyinning 70+3 daqiqasida 3 ta himoyachi almashtirilib, ularning barchasi xamda darvozabon Buxoro FMM futbolchilariga qarshilik koʻrsatmasdan, atayin gol oʻtkazib yuborganlar. Natijada, Buxoro FMM jamoasi ushbu uchrashuvda 3:2 hisobida gʻalaba qozonib, “B” guruhidan 2-oʻrin bilan pley-off yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan.
Mazkur uchrashuv bosh hakami Samandarov Ruslanning hamda boshqa yordamchi hakamlarning bildirishnomalarida uchrashuv davomida har ikkala jamoa futbolchilari va murabbiylari kelishganliklari bayon qilingan. Bundan tashqari, yuqoridagi uchrashuvlar Youtube ijtimoiy tarmogʻi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatilgan boʻlib, mazkur holat keng jamoatchilikning va blogerlarning muhokamasiga sabab boʻlgan.
Yuqoridagilarga koʻra, sportning futbol turi boʻyicha “Professional futbol maktablari ligasi” Oʻzbekiston chempionati musobaqasi Tashkiliy qoʻmitasining 15.10.2022-yildagi yigʻilish bayoniga koʻra, mushtlashuvda ishtirok etgan Jizzax FMM jamoasining futbolchilari J.Ergashev, D.Qoʻldoshev, A.Jumamurodov, F.Anarbayev, Sh.Yalgʻashevlar hamda Andijon FMM jamoasi futbolchilari A.Abdunabiyev, R.Omonboyev, I.Ikromov, Ya.Abduvaxobovlarga nisbatan 2022-yilning 31-dekabriga qadar Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan oʻtkaziladigan har qanday Respublika musobaqalaridan chetlatish jazosi belgilangan.
Shuningdek, sportning futbol turi boʻyicha “Professional futbol maktablari ligasi” Oʻzbekiston chempionati musobaqasi Tashkiliy qoʻmitasining 19.10.2022-yildagi yigʻilish bayoniga koʻra, Namangan FMM va Buxoro FMMlarning 2006-yilda tugʻilgan jamoalari sport prinsiplariga xos boʻlmagan kelishilgan oʻyinda qatnashganliklari sababli 7-tur natijasi bekor qilinib, jamoalar “Professional futbol maktablari ligasi” Oʻzbekiston musobaqasidan chetlatilgan.
Yuqoridagilarga koʻra, OʻFA Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga asosan, Sportning futbol turi boʻyicha “Professional futbol maktablari ligasi” Oʻzbekiston chempionati musobaqasi Tashkiliy qoʻmitasining 15.10.2022-yildagi yigʻilish bayoniga koʻra, mushtlashuvda ishtirok etgan Jizzax FMM jamoasining futbolchilari J.Ergashev, D.Qoʻldoshev, A.Jumamurodov, F.Anarbayev, Sh.Yalgʻashevlar hamda Andijon FMM jamoasi futbolchilari A.Abdunabiyev, R.Omonboyev, I.Ikromov, Ya.Abduvaxobovlarga nisbatan 2022-yilning 31-dekabriga qadar Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan oʻtkaziladigan har qanday Respublika musobaqalaridan chetlatish jazosi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilingan.
Shuningdek, OʻFA Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga muvofiq, Buxoro FMM U-16 bosh murabbiyi A.T.Sharipov va Namangan FMM U-16 bosh murabbiyi Q.R.Mamajonovlarga OʻFA Intizom kodeksining 5.44-bandiga asosan oʻzaro uchrashuvda oʻyin natijasiga taʼsir oʻtkazish maqsadida kelishuv uyushtirganliklari va qatnashganliklari uchun 1 yil muddatga futbol bilan bogʻliq har qanday faoliyatdan chetlashtirish jazosi belgilangan.
Afsuski, bolalar futbolida shunga oʻxshash koʻngilsiz vaziyatlar uchrab turishi futbolimiz mavqeyiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi barcha masʼul shaxslarni musobaqalarda sport prinsiplarini hurmat qilishga chaqiradi va shu kabi holatlar aniqlangan taqdirda keskin choralar koʻrilishini maʼlum qiladi.