Bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimlarida yurtimiz futboli va sporti ravnaqiga oʻzining hissasini qoʻshib kelayotgan Ravshan Irmatov oʻz tavallud ayyomini nishonlamoqda.
“Globe Soccer Awards” talqini boʻyicha dunyoning 2015-yildagi eng yaxshi futbol hakami, Jahon chempionatlari mutlaq rekordchisi, Osiyoning besh karra eng yaxshi referisi, “Buyuk xizmatlari uchun” va “El-yurt hurmati” ordenlari hamda “Oʻzbekiston iftixori” faxriy nishoni sohibi boʻlgan Ravshan Irmatov 45 yoshni qarshi oldi.
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi futbol faxriylari, murabbiylar, futbolchilar va butun futbol jamoatchiligi nomidan Ravshan Sayfiddinovichni tavallud ayyomi bilan muborakbod etib, uzoq umr, sihat-salomatlik hamda oʻzbek futboli va sporti rivoji yoʻlida olib borayotgan ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi!