O’zbekiston ayollar terma jamoasi “Festival Women’s Trophy 2021” xalqaro turnirining navbatdagi turida Nigeriya vakillariga qarshi maydonga tushdi.
1991-yildan buyon Jahon chempionatining muntazam ishtirokchisi va Afrikaning 11 karra chempioni hisoblangan nigeriyaliklar bilan o’tgan bugungi bahs kutilganidek qiziqarli kechdi.
Xalqaro tajribaga ega Afrika jamoasiga qarshi futbolchilarimiz maydonning har bir chizig’ida kurash olib bordi va munosib o’yin namoyish etdi. Biroq ikkinchi bo’lim avvalida raqib hujumchisi yo’llagan zarba darvozamiz to’ridan joy oldi. O’yinning qolgan vaqtida hamyurtlarimiz bor e’tiborini hujum chizig’iga qaratdi. Futbolchilarimizda hisobni tenglashtirish uchun bir qancha qulay vaziyatlar yuzaga keldi, biroq ularga omad yetishmadi. Natijada raqib jamoa vakillari kichik 1-0 hisobida g’alaba qozondi.
Ayollar terma jamoamizning asosiy maqsadi Osiyo kubogi saralash bellashuvlariga yuqori darajada tayyorgarlik ko’rish hisoblanadi. Shu sababli, dunyoning kuchli jamoalariga bir qator xalqaro uchrashuvlarni tashkil etish terma jamoamizning tayyorgarlik rejasidan o’rin olgan.
Antaliyada o’tayotgan “Festival Women’s Trophy 2021” xalqaro turnirining so’nggi turida O’zbekiston ayollar terma jamoasi “SSKA” klubi bilan to’qnash keladi. Mazkur o’yin 23-fevral kuni O’zbekiston vaqti bilan soat 14.00 da “Emir Hotels” sport majmuasida start oladi.