MilliyJamoa bosh murabbiyi Srechko Katanes hamda jamoamiz sardori Eldor Shomurodov ertangi oʻyin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etishdi:
Srechko Katanes:
Ertangi oʻyin haqida
— Barchasi joyida, futbolchilarimiz oʻyinga tayyor. Kechagi mashgʻulotda ham jamoamiz diqqat va eʼtibor bilan oʻyinga tayyorgarlik ko’rdi. Biz o’z uyimizda oʻynaymiz, shu sababli maqsadimiz faqat gʻalaba qozonish.
Taqvim va jamoaning holati haqida
— Raqibimiz biz bilan oʻyinga qadar oʻrtoqlik oʻyinlari oʻtkaza oldi, koʻproq mashgʻulotda qatnashdi . Biz esa yaqinda yigʻildik, biroq bu narsa biz uchun yangilik emas. 3 yildan buyon jamoa bilan birgamiz va bu borada yetarlicha koʻnikmaga egamiz. Hamma futbolchilar yigʻinga bir xil holatda yetib kelmadi, kimdir koʻproq oʻynadi, kimdadir vaziyat boshqacha. Lekin mening vazifam barchasini tahlil qilish va o’yinga tayyorlash hisoblanadi.
Hammasi joyida, biz shu ruhda davom etishimiz kerak. Bu bosqichda barcha jamoalar kuchli hisoblanadi, xususan, ertangi raqibimiz ham.
Yaqin yillardagi tarkibdagi oʻzgarishlar haqida
— Men ertaga nima boʻlishini bilmayman, oldimizda katta yoʻl bor. Asosiy eʼtiborimiz ertangi oʻyinga qaratilgan.
Ertangi tarkib haqida
— Tarkib borasida ertaga barchamiz guvohi boʻlamiz.
Raqib haqida
— Ushbu terma jamoani tahlil qilish qiyin. Suriya va Yaponiya bilan oʻyinlarda har xil tarkib bilan harakat qilgan. Jamoa tartibli, oʻz uslubiga ega. Lekin biz oʻz oʻyinimizga eʼtibor qaratganmiz va ertangi oʻyinga ham nimalarga qodirligimizni maydonda isbotlashimiz kerak.
Eldor Shomurodov:
Ertangi oʻyin haqida
— Va nihoyat uzoq kutilgan yillardan soʻng biz uchun yana asosiy bosqich boshlanadi. Barchamiz oʻyinga tayyormiz. Maqsadimiz yoʻlida bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
Avvalgi tsikllar haqida
— Avvalgi tsikllar davomida yosh futbolchi sifatida qatnashganmiz va tajribali futbolchilar bilan birga harakat qilganmiz. Biroq bu gal endi masʼuliyat oʻzimizda, oʻrgangan tajribalarimizni ishga solishimiz kerak. Bizda tayyorgarlik uchun yetarlicha vaqt boʻldi. Xatolar ustida ishlab bordik. Barchamiz bir oila boʻlib, birgalikda asosiy vazifani bajarishga ishonamiz.
— Ilk chaqiruvimdan to hozirgi kunga qadar har doim eng yuqori xohish bilan harakat qilganman. Barchamiz JChga chiqishni orzu qilamiz. Shu sababli har bir oʻyinda faqat bitta maqsad bilan harakat qilamiz. Bu yoʻlda barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.