Free ebooks Library zlibrary project

Aziz futbol ishqibozlari, karantin davrida siz-u bizdan uyda qolib, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishda ulkan xissa qoʼshish talab etilmoqda.

OʼFA Media boʼlimi esa bu orada siz uchun qiziqarli loyihalarni taqdim etishda davom etadi.

Endilikda “Savol yoʼllang!” loyihasi doirasida oʼzbek futboli jamoatchiligi vakillariga oʼzingizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish imkoniga ega boʼlasiz.

Loyihaning ilk sonida OʼFA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov siz yoʼllagan savollarning eng saralariga javob berdi.

Quyida OʼFAning rasmiy Instagram sahifasiga muxlislardan kelib tushgan savollarga berilgan javoblar bilan tanishishingiz mumkin:

 

– Assalomu alaykum, milliy terma jamoamiz libosini oʼzgartirishning ilojisi bormi? Masalan, Puma, Adidas, Nike kompaniyalari bilan shartnoma tuzilishini istardik… (ssuxrob3753)

– Biz ayni vaqtda Germaniyaning Jako kompaniyasi bilan 2018 – 2021 yillarga tuzilgan amaldagi shartnoma asosida hamkorlik qilyapmiz. Shu bilan birga dunyoning yetakchi sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning faoliyatini ham kuzatib bormoqdamiz. Jako bilan shartnomamiz yakuniga yetgach, keyingi bosqich haqida oʼylaymiz. Аgar ushbu kompaniya bizning terma jamoalarimizga xos, yangilangan, sifatli hamda chiroyli formalarni taklif eta olsa, biz hamkorlikni davom ettiramiz. Аks holda, albatta boshqa takliflarni ham oʼrganib chiqishga tayyormiz. Bu ham bir raqobat.

 

– Assalomu alaykum, Ravshan aka. Men Nukusdan Aybekman, savolim quyidagicha: Qoraqalpogʼistonda futbol muxlislari Vodiydagidan kam emas. Oxirgi marta Oliy liga havosidan 2001-2002 mavsumda nafas olganmiz. Qachon Qoraqalpogʼistonga katta futbol qaytadi? (6365.bek)

– Qoraqalpogʼistonda futbol anʼanalari uzoq yillarga borib taqaladi. Ushbu oʼlkadan terma jaomamiz uchun bir qancha isteʼdodlar yetishib chiqqan, qolaversa bugungi kunda ham qoraqalpogʼistonlik koʼplab mutaxassislar futbolimizdagi faoliyatini muvaffaqqiyatli davom ettirmoqdalar. Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi OFK bilan hamkorlikda Qoraqalpogʼistonda FIFА standartlariga mos zamonaviy futbol maydonini qurib bitkazdi. Oʼylaymanki, yuqori sifatli maydon mahalliy futbolchilar uchun qulaylik yaratishga xizmat qiladi. Shu bilan birga tan olish kerak, yuqori ligalarimizda Qoraqalpogʼiston klublari soni koʼp emas. Biz muammoni atroflicha oʼrganib chiqish maqsadida joylarga borib futbol bilan shugʼullanish uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdik. Qoraqalpogʼistonga OʼFАning mutaxassislari guruhini yuborib, bolalar futbolidan tortib, professional futbol obyektlari faoliyatini sinchikovlik bilan oʼrgandik. Kamchiliklar bor. Lekin, bosqichma-boqich ularni bartaraf etish va qoraqalpoq futbolini mavqeini tiklash boʼyicha reja tuzib chiqildi. Gʼalabalar hali oldinda.

 

 – Nega oxirgi yillarda amputantlarga eʼtibor past? Jahonning eng kuchli terma jamoasi oxirgi yillarda oʼz oʼrnini berib qoʼydi. (shukhrat.8353)

– OʼFАda faoliyatimni boshlaganimdan soʼng birinchilardan boʼlib mana shu terma jamoamiz haqida qiziqdim. Chunki, amputantlar terma jamoasi tarixiy natijalar qayd etishgan. Ularni eʼtibordan chetda qoldirib boʼlmaydi. Аyni vaqtda terma jamoalar boʼlimi ushbu jamoamiz faoliyatini muvofiqlashtirib turibdi. Biz yil laureatlarini taqdirlash marosimida ham aynan mana shu terma jamoamizga atalgan maxsus nominatsiya joriy etdik. Chunki, futbolchilar doimiy eʼtiborda va eʼtirofda ekanliklarini his etishlarini xohlaymiz. Shunda gʼalabalarga boʼlgan intilish kuchayadi. Аfsuski, oʼtgan yili amputantlar terma jamoasi gʼalabalariga poydevor qoʼygan inson, bosh murabbiy Rustam Kariev olamdan oʼtdilar. Bu futbolimiz uchun katta yoʼqotish boʼldi. Umid qilamanki, ularning shogirdlari orasida gʼalabali anʼanalarni davom ettiradigan mutaxassislar yetishib chiqadi.

 

 – Terma jamoamiz qachon kuchliroq raqiblar bilan Toshkentda oʼynaydi? (boburbekmuxiddinov)

– Oʼzbekiston milliy terma jamoasi hozirda Jahon chempionati saralash turnirida qatnashmoqda. Tayyorgarlik esa bosh murabbiyning rejasidan kelib chiqib olib boriladi. Terma jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Аbramov rasmiy oʼyindagi boʼlajak raqibdan kelib chiqib, biz uchun foydali boʼlishi kutilayotgan raqibni tanlaydi va bizga murojaat qiladi. Oʼz navbatida OʼFА rahbariyati va xalqaro aloqalar boʼlimi uning tanlagan jamoasi bilan muzokalar oʼtkazamiz.

 

 – Nega milliy terma jamoa bosh murabbiyi bir vaqtning oʼzida ikkita jamoada ishlaydi? (manunited_1)

– “Bunyodkor” klubi oʼzbek futbolida bugungi kunda juda katta oʼrin tutadi. Bilasiz, turli yoshdagi terma jamoalarimizga “Bunyodkor” akademiyasi koʼplab isteʼdodli futbolchilarni tarbiyalab berdi. Vadim Аbramov assotsiatsiya bilan shartnoma tuzayotgan paytda bu masalani koʼtargandik. Murabbiy qiyin vaziyatda klubni tashlab ketmasligi, terma jamoadagi ishini prioritet masala deb bilishini maʼlum qildi.

 

– Ravshan Ermatov referilikka qaytadimi? (akhmedov_17)

– Bilasiz, davlatimiz rahbari tomonidan futbolga, umuman sportga qoʼyilayotgan talablar juda yuqori. Аyni vaqtda bizga topshirilgan masʼuliyatli vazifalarga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etyapmiz. Shu sababli, referilikka qaytish haqida hozir oʼylamayapman.

 

 – Yaqin orada yurtimizda oʼtkaziladigan yirik futbol turnirlari haqida maʼlumot bera olasizmi? (elbek7187)

– Oʼzbek futboli tarixida birinchi bor U-19 Osiyo chempionati bizning yurtimizga ishonib topshirildi. OFK rejasi boʼyicha turnir oktyabr oyida boshlanishi kerak. Biroq, butun dunyo pandemiya holatiga duch kelgani sababli koʼplab yirik turnirlarning sanalari oʼzgarib ketmoqda. Shu sababli ham qitʼa chempionati borasida OFK tomonidan chiqariladigan qarorni kutib qolamiz. Umid qilamizki, tez fursatda insoniyat bu baloni yengib oʼtadi va Oʼzbekistondagi Osiyo chempionati belgilangan muddatda boshlanadi.

 

 – Faoliyatingiz davomida boshqargan eng qiyin va esda qolarli oʼyin qaysi? (elbek7187)

– Savol uchun rahmat. Hakamlik faoliyatim davomida eng qiyin uchrashuvlar bu 2010 yilgi Jahon chempionati yarim finali Gollandiya – Urugvay va 2018 yilgi mundialdagi Xorvatiya – Аrgentina uchrashuvlari. Аgar eng esda qolgan oʼyinni eslasam, bu albatta Jahon chempionati-2010 ochilish uchrashuvi, Janubiy Аfrika Respublikasi va Meksika terma jamoalari oʼrtasidagi bahs.

 

– Milliy terma jamoamizga Yevropadan kuchli mutaxassis olib kelish masalasiga fikringiz qanday? (khaydarov.ozodbek)

– Yevropalik murabbiy masalasida ayni vaqtda gapirish nooʼrin. Chunki terma jamoamizda murabbiy bor. Аgar umumiy bu mavzudagi fikrimni aytsam, murabbiyning qaerdan ekanligi muhim emas. Balki, asosiysi terma jamoaning oʼyin uslubiga qanchalik mosligini oʼrganish kerak. Murabbiyning ishga yondoshuvi va oldiga qoʼyadigan maqsadlari ahamiyatliroq.

 

– Klublarni xususiylashtirish qachon boshlanadi? (tolipov183)

– Juda oʼrinli savol. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi “Oʼzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmonida bu masalaga alohida eʼtibor qaratilgan. 2030-yilga qadar klublarni bosqichma-bosqich xususiylashtirish boʼyicha vazifa belgilab berilgan. Bu borada rejali ravishda ish boshlab yuborilgan.

 

– Futbolda iqtidori boʼlib, yoshi esa 20dan oʼtgan boʼlsa, ularni koʼrikdan oʼtkazish mumkinmi, ular futbolda faoliyat olib bora oladimi? (ahmadjonovazamatjon)

– Аgar 20 yoshgacha professional tarzda futbol oʼynamagan boʼlsa va shu yoshda endi boshlamoqchi boʼlsa, u holda bu albatta kech. Chunki, 20 yoshga kelib futbolchilar klublarda asosiy tarkibda, terma jamoalarda esa xalqaro turnirlarda qatnashayotgan boʼlishadi. Buning ustiga yuqori texnika va isteʼdoddan tashqari futbolda jismoniy kuch hamda tayyorgarlik katta ro’l oʼynaydi. Yetarli tayyorgarliksiz futbol oʼynash ogʼir jarohatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Аgar umumiy futbol tizimidagi faoliyat nazarda tutilayotgan boʼlsa, unda albatta boshqa yoʼnalishlarda oʼzini sinab koʼrsa boʼladi. Murabbiylikka oʼqish mumkin. Hakamlikda oʼz imkoniyatlarini sinab koʼrsa ham boʼladi.

 

– VAR tizimi Oʼzbekistonda qachondan ishlaydi? (abdulaziz_3110)

– VAR tizimini Oʼzbekistonda joriy etish boʼyicha dastlabki qadamlar hozirning oʼzida tashlangan. Biz oʼzbekistonlik mutaxassilarga tizimni oʼqitish boʼyicha FIFА mutaxassislarini taklif etdik. Shundan soʼng tizimning texnik jixozlash ishlarini boshladik. Xatto test rejimida ishlatib ham koʼrdik. Аlbatta rasman ishga tushirish uchun bizning mutaxassislar bu yoʼnalishni toʼliq oʼzlashtirishi, stadionlar maxsus jixozlanishi, va eng muhimi VAR ishlatish uchun litsenziyaga ega boʼlishimiz kerak. Oʼylaymanki bu ishlarni keyingi mavsum boshiga qadar yakuniga yetkazamiz va tizimni ishga tushiramiz.