ПРЕСС-РЕЛИЗ

Butun dunyoda pandemiya hukm surayotganiga qaramay, futbol uchrashuvlarini muntazam o’tkazib borilishini ta’minlash uchun xalqaro futbol uyushmalari va a’zo assotsiatsiyalar bir qator sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

Shu maqsadda, FIFA prezidenti Janni Infantino OFK prezidenti Shayx Salmon bilan birgalikda CAFA tarkibiga kiruvchi futbol assotsiatsiyalari rahbarlari bilan uchrashgan holda, mintaqadagi vaziyat bilan yaqindan tanishib, kelajakdagi rejalar bo’yicha fikr almashishdi.

Hususan, Janni Infantino tomonidan bu boradagi ishlarni amalga oshirishda FIFA tajribasi tanishtirildi. OFK prezidenti Shayx Salmon esa Osiyoda hukm surayotgan vaziyat bo’yicha hisobot berdi.

O’FA prezidenti Abdusalom Azizov onlayn konferensiya ishtirokchilariga quyidagi nutq bilan murojaat qildi:

“Hurmatli hamkasblar, dastlab shuni alohida ta’kidlab o’tmoqchimanki, O’zbekiston FIFA prezidenti janob Janni Infantinoni hozirgi murakkab vaziyatda to’liq qo’llab-quvvatlaydi hamda ishonch bildiradi. Barcha qiyinchiliklar tez fursatda o’z yechimini topishi va FIFA o’zining yuksak mavqeini tasdiqlashiga ishonchim komil.

Epidemiologik vaziyat jiddiyligiga qaramay, karantinning dastlabki kunlaridan boshlab, O’FA onlayn rejimida ish olib bormoqda. Avvaldan rejalashtirilgan qisqa va uzoq muddatli rejalar bo’yicha tegishli vazifalar bajarilmoqda.

May oyida O’zbekistonda epidemiologik vaziyat bir muncha yaxshilanganidan so’ng, O’FA va PFL karantin va gigiena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda, professional ligalar uchrashuvlarini tomoshabinlarsiz davom ettirish uchun COVID-19 maxsus tibbiy protokolini ishlab chiqdi. O’zbekiston Superligasiga 13 iyun kuni qayta start berildi va musobaqa 20 iyulgacha davom etdi.

O‘zbekiston chempionatini qayta tiklash joriy yilning 14 avgustidan rejalashtirilgan va liganing 1-bosqich o‘yinlari markazlashtirilgan formatda o‘tkaziladi.

Shuningdek, O’FA pandemiya paytida terma jamoalar uchun karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda o’quv-mashg’ulot yig’inlarini tashkil etmoqda.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bugun O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi 19 yoshgacha bo’lgan futbolchilar o’rtasidagi Osiyo chempionatiga qizg’in tayyorgarlik ko’rmoqda.

Ushbu tadbir O’zbekistonda birinchi marta uchta shaharda, 2020-yilning 14-31 oktyabr kunlari bo’lib o’tadi. Bu pandemiya davrida dunyodagi birinchi markazlashtirilgan xalqaro futbol musobaqasi bo’ladi.

Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi hukumati terma jamoalar uchun birinchi Futbol markazini qurish uchun 12 gektar maydon ajratdi. Ushbu loyiha FIFA va OFK vakillari bilan muhokama qilinganidek, O’zbekistonning erkaklar va ayollar terma jamoalari xalqaro musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko’rishi uchun katta imkoniyatlarini yaratadi.

Ushbu markaz 160 o’rinli mehmonxona kompleksi, 7 ta standart futbol maydoni, reabilitatsiya va ilmiy-uslubiy markaz va boshqa zarur sharoitlarni o’z ichiga oladi.”

Nutq so’nggida O’FA rahbari FIFA va OFK prezidentlarini O’zbekistonda o’tadigan U19 Osiyo chempionatiga taklif etdi va ularning tashrifi butun mamlakat futbol jamoatchiligi hamda futbol ishqibozlarini xursand etishini alohida ta’kidladi.

Muloqot do’stona va samimiy ruhda o’tdi.

Shuningdek konferensiyada Eron, Tojikiston, Qirg’iziston, Turkmaniston hamda Afg’oniston futbol assotsiatsiyalari rahbarlari o’tgan davr mobaynida bajarilgan ishlar bo’yicha ma’lumot berishdi.