Free ebooks Library zlibrary project

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining futbol faoliyatini nazorat qilish boʻyicha maxsus inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan “Andijon SGS” klubi futbolchilari hamda O‘zbekiston futbol hakamlari markazi hakami Lochin Dolimovning kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganligi to‘g‘risidagi ish koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Pro ligasida hakamlik qilib kelgan O‘zbekiston futbol hakamlari markazi hakami L.Dolimov oʻzining tanishi orqali xorijdagi A. ismli shaxs bilan Telegram messenjerida aloqa oʻrnatib, kelishilgan oʻyinlarni tashkil etishga uringan. Shuningdek, L.Dolimov “Andijon SGS” klubining futbolchilari Shaxbozbek Jumaboyev, Dilmurod Abdukaxxarov va Javohir Qilichev bilan til biriktirgan holda 2023-yil 25-may kuni Pro liga doirasidagi “Navbahor Farm” va “Andijon SGS” o‘rtasidagi uchrashuvning najijasiga ta’sir oʻtkazib, uchinchi shaxslar yordamida bukmekerlik kontoralari orqali pul tikib, moddiy manfaat koʻrganlar.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qoʻmitasi mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston futbol hakamlari markazi hakami L.Dolimovni OʻFA Intizom kodeksining tegishli bandlarini buzgani uchun aybdor deb topdi. Unga nisbatan futbol bilan bogʻliq faoliyatning barcha turidan umrbod chetlatish hamda jarima intizom jazosi qo’llanildi.

Shuningdek, “Andijon SGS” klubi futbolchisi Sh.Jumaboev O‘FA Intizom kodeksining tegishli bandlariga asosan aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan umrbod chetlatish hamda jarima intizom jazosi tayinlandi.

Yuqoridagilar bilan birga, futbolchilar D.Abdukaxxorov hamda J.Qilichev O‘FA Intizom kodeksining tegishli bandlariga koʻra aybdor deb topilib, D.Abduqaxxorovga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan 2 yil muddatga chetlatish hamda jarima intizom jazosi; J.Qilichevga nisbatan esa futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan 1 yil muddatga chetlatish hamda jarima intizom jazosi tayinlandi.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi kelishilgan oʻyinlarni aniqlash boʻyicha FIFA, OFK, “Sportradar” va boshqa tegishli tashkilotlar bilan bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib kelayotganligini maʼlum qiladi. Oʻz navbatida, kelgusida aniqlanadigan holatlar yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishi toʻgʻrisida ogohlantiradi.