Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalarida keng muhokamalarga sabab boʻlgan “Lokomotiv” PFK futbolchisi Kaxi Maxaradze va boshqalarning totalizator hamda kelishilgan oʻyinlarda ishtirok etganligi holati yuzasidan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan tegishli tartibda tekshiruv oʻtkazilib, Etika qoʻmitasida koʻrib chiqildi.

Aniqlanishicha, “Lokomotiv” PFK futbolchisi Kaxi Maxaradze, futbolchi Yevgeniy Kochnev, Gruziya fuqarolari G.K. va Ch.M. ismli shaxslar oʻzaro til biriktirib, firibgarlik yoʻli bilan boylik orttirish maqsadida, xitoylik oʻzini Jay deb tanishtirgan shaxsning ishonchiga kirib, totalizator kontoralari orqali “Lokomotiv” futbol klubining uchrashuvlarini Kaxi Maxaradze va boshqa futbolchilar bilan kelishgan holda oʻzlari uchun qoniqarli natija bilan yakunlashga yolgʻon vaʼda berib, ishontirganlar.

Xususan, shu yil 27-may kungi “Navbahor” – “Lokomotiv” uchrashuvida 2:0 hisobi qayd etilgan boʻlib, K.Maxaradze, G.K., Ch.M. va Ye.Kochnevlar mazkur oʻyin uchun Jay ismli shaxsdan taxminan 30.000 AQSh dollari olib, oʻzaro boʻlishib olganlar.

Bundan tashqari, “Lokomotiv”ning AGMK va “Soʻgʻdiyona” futbol klublariga qarshi uchrashuvlariga yuqoridagi shaxslar tomonidan pul tikish masalasi muhokama qilingan boʻlsa-da, lekin bu amalga oshmagani aniqlangan (ushbu maʼlumot OFK va “Sportradar” tashkilotlari tomonidan ham tasdiqlangan).

Shundan soʻng, “Lokomotiv”ning mehmonda Nasafga qarshi uchrashuvda magʻlub boʻlishini taxmin qilib, K.Maxaradze bu oʻyinni yutqazib berishiga Jayni ishontirib, u tomonidan totalizatorda pul tikilishiga sababchi boʻlgan.

“Lokomotiv” va “Nasaf” jamoalari oʻrtasidagi uchrashuv 0:0 hisobi bilan yakunlanganidan soʻng, Jay oʻzi tomonidan yutqazilgan 100.000 AQSh dollarini K.Maxaradze, Ch.M., G.K. va Ye.Kochnevlardan talab qilgan. Rad javobi olgach, oʻch olish maqsadida ular haqidagi maʼlumotlarni OʻFA va OAVlarning elektron pochtalariga yuborgan.

OʻFA tomonidan tekshiruv boshlangach, Jay noqonuniy faoliyati natijasida oʻz mamlakatining tegishli tashkilotlari tomonidan javobgarlikka tortilishi mumkinligini anglab, yuqorida yuborgan maʼlumotlar notoʻgʻriligi, suratlarni oʻzi yasaganligi haqida xabar yuborgan.

Yuqoridagilarni oʻrganib chiqish natijasida, OʻFA Etika qoʻmitasi yigʻilishining qaroriga koʻra, Kaxi Maxaradze Intizom kodeksining tegishli bandlari boʻyicha aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bogʻliq faoliyatning barcha turlaridan 5 yil muddatga chetlatilib, yuz million soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, futbolchi Yevgeniy Kochnev ham Intizom kodeksining tegishli bandlari bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bogʻliq faoliyatning barcha turlaridan 3 yil muddatga chetlatilib, oʻttiz million soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Tekshiruv davomida “Lokomotiv” PFKning boshqa futbolchilari va murabbiylari totalizator hamda kelishilgan oʻyinlarda ishtirok etmaganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan unga aloqador boʻlgan chet el fuqarolarining shubhali harakatlari boʻyicha maʼlumotlar tegishli xalqaro tashkilotlarga yuborildi. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi kelishilgan oʻyinlarni aniqlash boʻyicha OFK va “Sportradar” bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib kelmoqda hamda shu kabi holatlar aniqlansa, aybdorlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishi toʻgʻrisida ogohlantiradi.