Free ebooks Library zlibrary project

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qoʻmitasi 2021-yilgi mavsum soʻngi turida boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda yuz bergan holatlar boʻyicha qarorlar chiqardi.

Jumladan, 2021-yilning 24-noyabr kuni Oʻzbekiston kubogi yarim final doirasidagi “Paxtakor” — “Bunyodkor” uchrashuvida “Paxtakor” jamoasi futbolchisi Dragan Cheran oʻyinning 21-daqiqasida toʻp uchun kurashda oyogʻining tag qismi bilan raqib oʻyinchisining tizza qismiga zarba bergan. Hakam ushbu vaziyatda uni uchrashuvdan chetlashtirgan. Shuningdek, mazkur oʻyinda “Paxtakor”ning yana bir futbolchisi Sherzod Aʼzamov 120+2 daqiqada oʻyin qoidasini jiddiy tarzda buzgani, yaʼni toʻp uchun kurashda oyogʻining tag qismi bilan raqib futbolchisi oyogʻining kaft qismiga zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan. Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, “Paxtakor” jamoasi futbolchilari Dragan Cheran 2 ta oʻyinga, Sherzod Aʼzamov esa 3 ta oʻyinga diskvalifikatsiya qilindi va ularning har ikkisiga nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

Oʻzbekiston kubogi yarim final doirasidagi yana bir bahs “AGMK” — “Nasaf” uchrashuvida mehmonlar futbolchisi Marko Stanoyevich oʻyinning 61-daqiqasida qoidani jiddiy ravishda buzgan. Yaʼni u toʻp uchun kurashda oyogʻining tag qismi bilan raqib futbolchisining tizza qismiga zarba bergan va oʻyindan chetlashtirilgan. Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, unga nisbatan 2 ta oʻyinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

Shuningdek, 2021-yilning 4-dekabr kuni “Paxtakor” — “Nasaf” jamoalari oʻrtasidagi Oʻzbekiston kubogi final uchrashuvining 34-daqiqasida “Nasaf” jamoasining futbolchisi Oybek Bozorov oʻyin qoidasini jiddiy tarzda buzgani, yaʼni toʻp uchun kurashda oyogʻining tag qismi bilan raqib oʻyinchisining toʻpiq qismiga kuchli zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan. Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, “Nasaf” klubi futbolchisi Oybek Bozorov 2 ta oʻyinga diskvalifikatsiya qilindi.

Oʻzbekiston Superligasining 25-turidan oʻrin olgan “Andijon” — “Navbahor” uchrashuvining 89-daqiqasida “Andijon” jamoasi safida harakat qilgan Usmonali Ismonaliyev “Navbahor” jamoasi muxlislari joylashgan sektorga qarab nojoʻya harakatlarni amalga oshirgan. Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Usmonali Ismonaliyevga nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

Oʻzbekiston Superligasining 26-turidan oʻrin olgan “Nasaf” — “Lokomotiv” uchrashuvida “Nasaf” jamoasi futbolchisi Joʻrabek Mannonov oʻyinning 65-daqiqasida qoidani jiddiy buzgan, yaʼni oyogʻining tag qismi bilan raqib futbolchisi oyogʻining kaft qismiga zarba bergan va oʻyindan chetlashtirilgan. Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, “Nasaf” jamoasi futbolchisi Joʻrabek Mannonov 2 ta oʻyinga diskvalifikatsiya qilindi va unga nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

Oʻzbekiston Superligasining 26-turidan oʻrin olgan yana bir uchrashuv — “Surxon” — “Mashʼal” bahsida mehmonlar vakili Najmiddin Normurodov oʻyinning 90+6 daqiqasida raqibga orqa tomondan yelkasi bilan zarba bergan. Hakam ushbu vaziyatda uni oʻyindan chetlashtirgan. Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, “Mashʼal” jamoasi futbolchisi Najmiddin Normurodov 1 ta oʻyinga diskvalifikatsiya qilindi.

Shuningdek, Superliganing ushbu turidan oʻrin olgan “AGMK” — “Soʻgʻdiyona” uchrashuvida “AGMK” jamoasi futbolchisi Aleksandr Kasyan oʻyin yakunidan soʻng hakamlikdan noroziligini qoʻpol tarzda bildirgan va unga qizil kartochka koʻrsatilgan. Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Aleksandr Kasyan 3 ta oʻyinga diskvalifikatsiya qilindi va unga nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

Futzal Oliy ligasining 6-turi doirasidagi “Lokomotiv” – “Stroitel Zarafshon” uchrashuvidan soʻng “Lokomotiv” jamoasining murabbiyi Farhod Mirahmedov Intizom Kodeksining 5.43-bandini buzgan, yaʼni Superliga va Pro liga klublari bosh murabbiylari uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etishi haqidagi majburiyatni bajarmagan. Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, “Lokomotiv” futzal jamoasi bosh murabbiyi Farhod Mirahmedovga nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

Futzal Oliy ligasining 7-turi doirasidagi “Nasaf” – “Metallurg” uchrashuvining 22-daqiqasida oʻyin qoidasi buzilganidan soʻng “Metallurg” jamoasining bosh murabbiyi Ravshan Radjabov hakamga nisbatan oʻz noroziligini bildirgan. Yordamchi hakam uni tinchlantirishga uringan. Ushbu vaziyatda “Metallurg” futbolchisi Ilhom Radjabov yordamchi hakamga nisbatan tajovuzkor xatti-harakatni amalga oshirgan va qizil kartochka bilan maydondan chetlashtirilgan. Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, “Metallurg” klubi futzalchisi Ilhom Radjabov 2 ta oʻyinga diskvalifikatsiya qilindi.