Free ebooks Library zlibrary project

2023-yilning 24-may kuni soat 15.50 da kun.uz rasmiy saytida “Navoiyda xalqning puliga qurilgan sport majmuasi xalqdan tortib olinmoqda” sarlavhali xabar joylashtirilgan.

Haqiqatan ham, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5887-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Hukumatning Navoiy viloyatida joylashgan sport majmualaridan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan farmoyishi loyihasi oʻrnatilgan tartibda vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

Biroq kun.uz rasmiy saytida eʼlon qilinganidek, farmoyish loyihasida “Yoshlik” sport majmuasini boshqa bir tashkilotga toʻliqligicha berish nazarda tutilmagan.

Shu bilan birga, quyidagi qoʻshimcha maʼlumot va tushuntirishlarni keltirib oʻtish mumkin:

Birinchidan, 2012-yilda foydalanishga topshirilgan “Yoshlik” sport majmuasi bugungi kunda Navoiy viloyati Sportning oʻyin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi (keyingi oʻrinlarda – yengil atletika maktabi) balansiga berilgan.

Mazkur majmuaning 2 ta sport zalidan Navoiy viloyati Gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi ijara asosida foydalanadi.

Ikkinchidan, farmoyish loyihasida Yengil atletika sport maktabiga tegishli sport majmuasining 2 ta sport zali hamda badiiy gimnastika zalini administrativ binosi va yordamchi xonalari bilan birgalikda Gimnastika sport maktabiga berish nazarda tutilgan.

Mazkur bino berilishi natijasida badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, akrobatika, trampolin va sport raqsi boʻyicha shugʻullanuvchilar sonini amaldagi 520 nafardan 1 000 nafargacha yetkazish imkoniyati paydo boʻladi.

Uchinchidan, “Navoiy KMK” AJ – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”davlat korxonasini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ–4629-son qaroriga asosan tabiiy uran va nodir metallarni qazib olish va qayta ishlash korxonasi — “Navoiyuran” davlat korxonasi mol-mulkining qismi negizida tashkil etilgan yirik sanoat korxonasi hisoblanadi.

Futbol oʻyingohi va yordamchi xonalarini tegishli yer uchastkasi bilan birgalikda baholangan qiymatda “Navoiy KMK” AJga uning ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish hisobiga berish nazarda tutilgan.

Toʻrtinchidan, “Yoshlik” sport majmuasining “Navoiy KMK” AJga berilishi nazarda tutilayotgan qismi doirasida korxona mablagʻlari hisobidan 2 ta tabiiy va 1 ta sunʼiy qoplamali xalqaro va zamon talablariga mos qoʻshimcha futbol oʻyingohlari, sportchilar yashashi va ovqatlanishi, ularga tibbiy xizmat koʻrsatish uchun bino va inshootlar qurilishi belgilanmoqda.

Beshinchidan, Futbol akademiyasiga tegishli 6,8 gektar yer maydonida joylashgan va qariyb 11 ming kvadrat metr bino-inshootlarga ega boʻlgan “Kimyogar” oʻyingohini Yengil atletika sport maktabiga berish nazarda tutilgan.

Mazkur oʻyingohning yugurish yoʻlagini xalqaro talablar asosida maxsus rezina qoplamasi bilan qoplash va zarur qurilish-montaj ishlarini bajarish orqali zamonaviy sport bazasiga aylantirish bilan bogʻliq xarajatlar “Navoiy KMK” AJ tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Xulosa oʻrnida aytish joizki, Navoiy viloyatida joylashgan sport majmualari moddiy-texnik bazasini yaxshilash, ularni xalqaro talablarga moslashtirish orqali qoʻshimcha kamida 1 000 nafar yoshlarni sport turlari bilan muntazam shugʻullanishiga keng imkoniyatlar yaratiladi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi