Free ebooks Library zlibrary project

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspeksiyasi tomonidan Pro-ligada qatnashuvchi “Yangiyer” hamda “Sho‘rtan” futbol klublarining ayrim vakillari xaq evaziga kelishilgan o‘yinlarda qatnashganligi va totalizator o‘ynab kelgan shahslarga yordam berganligi aniqlandi. Aniqlangan holatlar bo‘yicha O‘FA maxsus inspeksiyasi tomonidan tegishli ma’lumotlar to‘planib, O‘FA Etika qo‘mitasiga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun taqdim etildi.

Taqdim etilgan ma’lumotlar bo‘yicha O‘FA Etika qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib, unda Pro-liga musobaqasida qatnashuvchi “Yangiyer” hamda “Sho‘rtan” futbol klublarining ayrim vakillariga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanildi. Bunda ayrim futbolchi va mutaxassislar kelishilgan o‘yinlarda qatnashganligi, totalizator o‘ynab kelgan shahslarga yordam berganligi hamda yordam berishga uringanligi uchun 6 oydan 1 yilgacha bo‘lgan muddatlarga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatildi.

Mazkur qaror O‘FA tomonidan rasmiy tarzda e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi barcha futbolchilar, futbol mutaxassislari, hakamlar hamda musobaqalarning rasmiy shaxslarini bu kabi noqonuniy holatlardan xabar topgan yoki shu holatlarga aloqador shaxslar ularga aloqaga chiqqan taqdirda darhol “Futbol faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi deklaratsiyasiga asosan O‘FAning tegishli bo‘limlariga ixtiyoriy ravishda xabar berishi lozimligi to‘g‘risida ogohlantiradi.

O‘z vaqtida ixtiyoriy ravishda xabar bergan shaxslar javobgarlikdan ozod qilinishi va ularning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.