“Bunyodkor” klubi matbuot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning iyun oyi boshida klubning 70 nafarga yaqin kishidan iborat delegatsiyasi Xorvatiyaga safar uyushtirdi. Xorvatiyada oʻtgan turnirda “Bunyodkor” akademiyasining uch jamoasi (U-11, U-13 va U-14) bolalar oʻrtasidagi yirik xalqaro musobaqa – “Dalmatinko kubogi”da toʻp surishdi.

Ancha yillardan beri tashkil etib kelinayotgan anʼanaviy “Dalmatinko Cup” musobaqasida qatnashish taklifi “Bunyodkor” jamoalariga kelib tushgan kundanoq “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi, “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi Mehriddin Abdullayev ushbu tashabbusni yaqindan qoʻllab-quvvatladi.

“Turnirda toʻp surishlari uchun biz “Bunyodkor”ning yosh jamoalariga barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Zero, yosh iqtidorli futbolchilarimizning mazkur bahslarda ishtirok etishlari yurtimizda bolalar-oʻsmirlar futboli tizimini yanada taraqqiy ettirishga xizmat qiladi. Kelajagimiz sifatida qaralayotgan yoshlarimiz bugungi kunda obroʻsi eng baland hisoblangan Yevropa futboli dunyosining ich-ichigacha kirib kelishadi. Bolalarimizga bunday qiziqarli va foydali oʻyin amaliyotini qancha koʻp taʼminlay olsak, bu tajriba Oʻzbekistonda bolalar-oʻsmirlar futbolini rivojlantirish strategiyasidagi muhim boʻgʻinga aylanadi. Shundagina terma jamoalarimiz uchun yanada koʻp va kuchli nomzodlar yetishib chiqadi. Xorvatiya safari yosh futbolchilarimiz murabbiylari uchun ham yevropalik hamkasblaridan bebaho tajriba oʻzlashtirishlariga keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Va, albatta, buning natijasida, biz davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 4-dekabr kuni eʼlon qilingan “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5887-son Farmonida taʼkidlangan yurtimiz bolalar-oʻsmirlar futboli tizimini Xorvatiya bilan hamkorlikda rivojlantirishga oid vazifalar ijrosini taʼminlagan boʻlamiz”, deya taʼkidlanadi xabarda.

Turnir jami 10ta yosh toifasida oʻtkazildi. Har yili muntazam tarzda tashkil qilinadigan musobaqaning bu galgisida 13 mamlakatdan 200ga yaqin jamoa, 3500 nafardan ortiq yosh futbolchilar toʻp surishdi.

Miraziz Mirzaahmedov murabbiyligidagi “Bunyodkor-2008” guruhda uch gʻalaba va bir durangga erishdi. Jumladan, Xorvatiyada eng kuchli akademiyalardan boʻlgan “Xayduk” (Split) jamoasini 1:0 hisobida yengdi. Ammo 1/4 finalda “Primoras” klubiga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berildi (2:4).

Alisher Ibrohimov boshchiligidagi “Bunyodkor-2009” chorak finalda “Dinamo” (Zagreb) bilan roʻbaroʻ keldi. Uchrashuvda hisob ochilmadi. Bu gal ham penaltilar seriyasida mezbonlar ustun kelishdi – 7:8.

Eng kichik jamoa – Gʻulom Halimtoyev shogirdlari boʻlgan “Bunyodkor-2011”ga esa omad koʻproq kulib boqdi. Ular finalgacha yetib borishdi. Ammo yakunda Sloveniyaning “Domjale” jamoasidan yengilishdi. Shu tariqa, ular ikkinchi oʻrin sohibiga beriladigan kubok egasiga aylanishdi.

Bundan tashqari, safar mobaynida “Bunyodkor” FKning bir guruh mutaxassislari Zagreb shahriga ham tashrif buyurishib, mashhur “Dinamo” klubida tanishuv amaliyotida boʻldilar. “Dinamo” klubining infratuzilmasi, ish faoliyati, ish yuritish modeli va strategiyasi, oʻziga xos xususiyatlari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, “Dinamo” rahbariyati bilan ularning yoshlar jamoalariga har yili “Bunyodkor”dan eng iqtidorli 4-5 nafar futbolchilarni amaliyot va koʻrikka yuborish borasida bitimga erishildi.