Free ebooks Library zlibrary project

Bilasiz, ayni paytda koronavirus infeksiyasi tarqalish xavfi mavjud boʼlgani sababli Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi xodimlari oʼz faoliyatini masofadan turib davom ettirishmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlar va vazifalar tahlili esa oʼtkazilayotgan videomuloqotlar yordamida muhokama qilib borilyapti.

Bugun oʼtkazilgan navbatdagi videomuloqot jarayonida OʼFA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, assotsiatsiyaning qator boʼlimlari rahbarlari bilan bir qatorda turli yoshdagi terma jamoalarimiz bosh murabbiylari ham ishtirok etishdi. Unda mutaxassislar yosh futbolchilar tarbiyalashning oʼzbek modelini yaratish masalasini muhokama etishdi.

Dunyoning barcha futboli taraqqiy etgan mamlakatlari bu borada oʼz modellariga ega sanaladi. Barcha terma jamoalar bir-biriga yaqin uslubda toʼp surishgani bois yosh futbolchilar ulgʼaygan sari bir terma jamoadan ikkinchisiga moslashishda aslo qiynalmasligi taʼminlanadi.

Yevropa hamda Janubiy Amerika mamlakatlari bilan bir qatorda Osiyoning yetakchi davlatlari ham bu borada allaqachon ish olib borishmoqda. OʼFA mutaxassislari dekabr oyida Qatarda boʼlib, “Aspire” akademiyasi asosida ushbu mamlakatda terma jamoalar uchun yosh futbolchilar qay tariqa tayyorlanishi jarayonini oʼrganib qaytishgan edi.

Endilikda yosh oʼyinchilar tarbiyalashning oʼzbekona falsafasini yaratish boʼyicha ham alohida ish olib boriladi. Bunda tajribali murabbiylar bilan maslahatlashgan holda terma jamoalar uchun nomzodlar 12 yoshdanoq shakllantirila boshlanadi. Oʼyin uslublari boʼyicha qoʼllanmalar yaratishga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Hududiy futbol mahorati maktablarida faoliyat olib boruvchi murabbiylar ham ishlab chiqilajak falsafa asosida mashgʼulotlar oʼtkazib, qoʼl ostidagi yosh oʼyinchilarni oʼzbek modeli asosida tarbiyalab boradi.

Videomuloqot jarayonida mutaxassislar oʼz taklif hamda mulohazalarini oʼrtaga tashlashdi. Endilikda bu borada maxsus ishchi guruh ish olib boradi.