Free ebooks Library zlibrary project

Bilasiz, Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi yurtimizda futbol ommaviyligini oshirish, mavjud infratuzilmani yaxshilash, mamlakatimizda “millionlar oʼyini” yanada ravnaq topishiga qaratilgan tizimli loyiha va tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda.

Oldinroq xabar berganimizdek, endilikda Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi – UEFA bilan ham hamkorlikda bir qancha loyihalar amalga oshiriladi.

Bugun UEFA Assist tashabbusi doirasida tashkilotning xalqaro aloqalar boshqarmasi rahbari Yeva Paske boshchiligidagi UEFA delegatsiyasi yurtimizga keldi. Yevropalik mehmonlar 13-martga qadar OʼFAning ish-faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Tashrif doirasida OʼFA rahbar hamda xodimlari bilan, PFL va Coca Cola Superliga klublari vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etiladi, OʼFA hamda PFLning har bir yoʼnalish boʼyicha olib borayotgan faoliyati UEFA mutaxassislari tomonidan atroflicha oʼrganiladi hamda yakunda assotsiatsiya ish faoliyati samaradorligini oshirish, yurtimizda futbol rivojlanish darajasini yanada koʼtarishga yoʼnaltiriluvchi qoʼshma loyihalar, mutaxasislarning Yevropaning yetakchi assotsiatsiyalarida malaka oshirishi, qolaversa Oʼzbekistonning turli yoshdagi terma jamoalarining muntazam ravishda Yevropada tashkil etiladigan xalqaro musobaqalarda ishtirokini taʼminlash kabi masalalar muhokama qilinadi.

Bugun UEFA vakillari OʼFA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bilan uchrashdi.

– Yevropa futbol yukasak darajada ravnaq topgani bilan boshqa qitʼalardan ajralib turadi. UEFAdek tashkilot bilan hamkorlikda qoʼshma loyihalar amalga oshirishdan juda ham mamnun boʼlamiz. Biz ayni damda milliy futbolimizning barcha boʼgʼinlarida oʼz ishining chin professionallari faoliyat olib borishini maqsad qilganmiz. Buning uchun esa mahalliy mutaxassislarimizni Yevropaga tajriba va malaka oshirish uchun yuborish ayni muddao boʼladi. Oʼzaro hamkorligimiz samarali boʼlishidan umidvormiz, – deya taʼkidladi Ravshan Ermatov.

UEFA delegatsiyasining ertangi kun tartibidan OʼFAning qator boʼlimlari rahbar hamda xodimlari bilan uchrashuvlar oʼrin olgan.

Qayd etish joiz, 13-mart kuni esa mazkur tashrif yakunlariga bagʼishlangan matbuot anjumani ham tashkil etish rejalashtirilgan.