Free ebooks Library zlibrary project

Bilasiz, milliy chempionatimiz uchrashuvlariga muxlislar qiziqishini orttirish, stadionlarga muxlislar tashrifini koʼpaytirish, ishqibozlar oʼrtasida muxlislik madaniyatini yanada rivojlantirish boʼyicha qator saʼyi-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Bugun Namangan shahrida futbol ishqibozlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʼrinbosari, OʼFА Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, Oʼzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Аbramov hamda terma jamoamiz sardori Odil Аhmedov ishtirok etdi.

Samimiy va ochiq ruhda oʼtgan uchrashuv davomida oʼzbek futbolining kechasi va buguni, mavjud kamchilik hamda muammolar, qoʼlga kiritilayotgan yutuqlar, ishqibozlarni qiynayotgan masalalar, milliy futbolimizning yaqin kelajak rejalari muhokama etildi.

Ochiq muloqot davomida ishqibozlar oʼzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi, milliy futbolimizni rivoji uchun oʼz taklif hamda mulohazalarini bildirishdi.

Milliy terma jamoamiz ustozi Vadim Аbramov Namanganda “millionlar oʼyini”ning ashaddiy ishqibozlari juda ham koʼp ekanini taʼkidlab, turli yoshdagi terma jamoalarimizning oʼyinlari Namangan shahrida ham oʼtkazilishidan mamnun boʼlishini bildirdi. Odil Аhmedov esa milliy jamoa safida maydonga tushadigan har bir futbolchi xalqimiz oldidagi masʼuliyatini chuqur his etishini, yigitlar har bir uchrashuvda muxlislarni xushnud etish uchun bor kuch-mahoratlarini ishga solishlarini aytib oʼtdi.

Oʼz navbatida Ravshan Ermatov muxlislar bilan bu kabi samimiy muloqotlar tez-tez oʼtkazib borilishini taʼkidladi va OʼFА milliy futbolimiz ravnaqi yoʼlida ishqibozlarning takliflarini eshitishga hamisha tayyorligini bildirdi.