Futbol boʻyicha Jahon chempionati oʻtkaziladigan yilda Oʻzbekiston FIFA World Cup™ Trophy Tour by Coca-Cola loyihasini oʻzida qabul qilishdan mamnun. Yil yakunida oʻtkaziladigan Mundial oldidan Oʻzbekiston ushbu tarixiy kubok sayohat qiladigan dunyoning 51 mamlakatlaridan biri ekanligi katta sharafdir.

2022-yil oʻzbek futboli uchun katta ahamiyat kasb etadi. Chunki bu yil koʻplab muxlislarni ruhlantiradigan va quvonchiga sabab boʻladigan futbol yurtimizga kirib kelganining 110-yilligi nishonlanmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, mamlakatimizga va futbolimiz hamjamiyatiga bildirilayotgan bunday ishonch yurtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, sportning futbol turiga qaratilayotgan eʼtibor natijasidir.

FIFA, Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi hamda Coca-Cola muxlislar uchun ana shunday festival tashkil etish, futbol boʻyicha Jahon kubogini koʻrish imkoniyatini taqdim etish borasidagi oʻzaro hamkorlikdan mamnun. 6-iyun kuni Kubok taqdimotida shuningdek, Jahon chempionlari Kristian Karambyo va Karles Puyol ishtirok etishi kutilmoqda.

Biz ushbu tadbirlar yuqori darajada oʻtkazilishi uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz va yana bir bor hamkorlarimiz FIFA va Coca-Colaʼga ishonch uchun minnatdorchilik bildiramiz. Ishonamizki, kelayotgan futbol bayrami mamlakatimizning katta futbol tadbirlari mezbonligiga tayyor ekanligini yana bir bor namoyon etadi.