Free ebooks Library zlibrary project

Xabaringiz bor, O’zbekiston U17 va U20 ayollar terma jamoalari Tojikiston mezbonlik qilgan “CAFA U17 & U20 Women’s Championship” xalqaro turnirlarda ishtirok etdi. Quvonarli jihati ushbu terma jamoalarimiz Markaziy Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan o’tkazilgan mazkur ikki musobaqada ham zafar quchdi.

Bugun O’FA Majlislar zalida O’zbekiston U17 va U20 ayollar terma jamoalari murabbiylar shtabi va futbolchilarini taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Tadbirda O’FA rahbariyati, terma jamoalar murabbiylar shtabi, futbolchilar va ularning ota-onalari, mas’ul mutaxassislar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Marosim avvalida O’FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov futbolchi va murabbiylarni O’FA prezidenti Abdusalom Azizov nomidan Markaziy Osiyo chempionatlaridagi muvaffaqiyatli ishtiroki bilan tabrikladi. O’zbekiston ayollar terma jamoalari kelajakda nafaqat Osiyoda, balki jahon miqyosida ham yetakchi mamlakatlar qatoriga kirishi uchun barcha reja asosida birdek harakat qilishi, o’z ustida ishlashi muhim ekanligini alohida ta’kidlab o’tdi.

O’z navbatida, bosh murabbiy Ilxom Xanjariyev va terma jamoalar sardorlari ishonchni oqlash, yaratilgan keng imkoniyatlardan foydalanish yo’lida mehnat qilishlari hamda Osiyo birinchiliklarida munosib ishtirok etib, Jahon chempionati yo’llanmasini qo’lga kiritishga bor kuchlari bilan harakat qilishga va’da berdilar.

Tadbir yakunida, U17 va U20 ayollar terma jamoalarimiz murabbiylar shtabi va futbolchilariga hamda barcha mas’ul mutaxassislarga O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi nomidan sovg’alar topshirildi.