Server Jeparov boshchiligidagi O‘zbekiston U-14 terma jamoasi Toshkentda yig‘in o‘tkazmoqda.

Yaqin o‘tmishning mohir yarim himoyachisi 2006-2007 yillarda tavallud topgan futbolchilaridan iborat terma jamoamizga ustozlik qilmoqda.

Mazkur yosh toifasidagi jamoamiz ayni paytda 2 qismdan iborat yig‘in o‘tkazmoqda. Dastlabki 24 nafar futbolchidan iborat tarkib 27-yanvar – 1-fevral kunlari oralig‘ida mashg‘ulotlar va o‘yinlar olib bormoqda. 3– 8-fevral oralig‘ida esa navbatdagi 24 nafar futbolchi bilan mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

O‘zbekiston U-14 terma jamoasi yig‘in doirasida “Yangiyo‘l” jamoasi bilan bahs yuritdi va 2:2 hisobida durang o‘ynadi. O‘zbekiston U-14 safida Abdurahmon Abdullaev hamda Zikrillo Muxtorov raqib darvozasini ishg‘ol qildi.

Ikkinchi o‘yin esa bugun “Yangiyer” jamoasi bilan o‘tkazildi va unda O‘zbekiston U-14 5:0 hisobida zafar quchdi. Gollarga Amir Saidov (2 ta), Behruz O‘ktamov, Amir Vaisov hamda Abdulaziz Mahkamboev mualliflik qilishdi.