Free ebooks Library zlibrary project

Suriya va Iroqqa qarshi o’rtoqlik o’yinlari oldidan MTJ vakillari dastlabki tayyorgarlik jarayonini Toshkentda olib boradi.

Bugungi mashg’ulotlar yopiq tarzda “Bunyodkor” akademiyasi maydonida bo’lib o’tdi.

Koreya K-ligasida to’p surayotgan Rustamjon Ashurmatov va Jamshid Iskanderov Milliy jamoamiz yig’iniga kelib qo’shildi. BAA chempionatida faoliyat olib borayotgan Aziz G’aniyev va Otabek Shukurov MTJning Dubaydagi mashg’ulotlarida ishtirok etadi.

“Bunyodkor” va “Paxtakor” klublaridan chaqiruv olgan futbolchilar kecha O’zbekiston Superligasi uchrashuvida maydonda harakat qilganliklari sabab bugun ularga dam berildi.

Igor Sergeyev jarohati sabab ushbu yig’inni o’tkazib yuboradigan bo’ldi. Futbolchini jiddiy jarohat xavfidan asrash maqsadida unga ta’til berishga va jarohatini to’liq davolab olishiga imkoniyat yaratishga qaror qilindi. Uning o’rniga “Lokomotiv” hujumchisi Temurxo’ja Abduxoliqov MTJga chaqirildi.

“Paxtakor” klubining yana bir a’zosi Odilbek Hamrobekov old sonida biroz noqulaylik his qilgani sababli murabbiylar shtabi jamoa shifokori bilan maslahatlashib, futbolchiga yengil yuklamalar beriladigan bo’ldi. U yakka tartibda shug’ullanadi va yig’in davomida formasini tiklaydi.

Ertaga Milliy terma jamoamiz to’laqonli mashg’ulotga kirishadi. Mazkur mashg’ulotlarning dastlabki 15 daqiqasi OAV vakillari uchun ochiq bo’ladi.