Xabaringiz bor, JCH-2022 saralash bosqichi bellashuvlariga hozirlik ko’rayotgan O’zbekiston milliy terma jamoasi o’quv-mashg’ulot yig’ini olib borish uchun bugun Dubay shahriga yetib bordi.

Yig’in avvalida Vadim Abramovning murabbiylar shtabi tarkibida o’zgarish yuz berdi. O’zbek futboli ixlosmandlariga tanish bo’lgan Antonio Sarioglou endilikda jismoniy tayyorgarlik bo’yicha murabbiy sifatida milliy jamoamizda faoliyat olib boradi.

Ma’lumot o’rnida, ushbu murabbiy 2018-2019 yillar davomida O’zbekiston MTJ futbolchilarining jismoniy tayyorgarligi bo’yicha Ektor Kuperga yordamlashgan. Bunga qadar u Misr terma jamoasi hamda Gretsiyaning “Aris”, “Veriya” va “Iraklis” klublarida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, Timur Kapadzening asosiy e’tibori O’zbekiston U20 terma jamoasi hamda yangi tashkil etilayotgan “Olimpik” klubiga qaratilishi sabab, uning o’rniga MTJ yordamchi murabbiyi sifatida Viktor Tishenko tayinlandi. Rossiyalik mutaxassis uzoq yillik murabbiylik faoliyati davomida “Aqtobe”, “Neftchi-Farg’ona”, “Lada-Tolyatti”, “Chernomorets”, “Sochi-04” kabi bir qator klublarida ish olib borgan.