Avval xabar berganimizdek, ayollar o’rtasidagi Osiyo kubogi saralash turnirini O’zbekistonda qabul qilish bo’yicha O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi OFKga murojaat xati yuborgan edi.

Osiyo futbol konfederatsiyasining yakuniy qaroriga muvofiq ushbu yil 13-25 sentyabr kunlari bo’lib o’tadigan Osiyo kubogi saralash bahslari yurtimiz maydonlarida ham o’tkaziladi.

Saralash bosqichida jami 30 jamoa vakillari 8 guruhga bo’lingan holda, chempionatning 8 yo’llanmasi uchun bellashadilar.

Bahrom Norsafarov murabbiyligi ostidagi ayollar milliy terma jamoamiz qur’a tashlash marosimida mezbon mamlakatlar savatchasidan o’rin oladi. Qur’a jarayonida terma jamoamiz o’z guruhida 2-raqam bilan saralanadi.

Mazkur bosqich uchrashuvlariga O’zbekiston bilan birgalikda Xitoy Taypeyi, Indoneziya, Myanma, Nepal, Falastin, Tailand va Vyetnam mamlakatlari mezbonlik qiladi.