Assosiasiya tarixi

Futbol — O'zbekiston xalqi madaniy hayotining ajralmas qismlaridan biridir. O'zbek futbolining tarixi uzoq davrlarga borib taqaladi. XX asrning boshida, 1912 yilning o'zidayoq butun Farg'ona vodiysi, xususan, Qo'qon shahri ushbu o'yin bilan «kasallanib» bo'lgan edi. Biroz vaqt o'tib bunday jamoalar Samarqand, Toshkent va Andijon shaharlarida ham paydo bo'la boshladi. O'sha uzoq yillarda mamlakatimiz jamoalari o'rtasida turli musobaqalar o'tkazila boshlangan. 

1928 yil O'zbekiston milliy terma jamoasi tuzilgan. Terma jamoa o'sha yili Moskvada bo'lib o'tgan Butunittifoq spartakiadasida qatnashdi. O'tgan asrning 30-yillarida o'zbek futbolchilari Norvegiya va Germaniya havaskor terma jamoalari ustidan g'alaba qozonishgan.

1939 yildan O'zbekistonning yetakchi jamoalari — «Dinamo», «TODO», «Spartak» (Toshkent) Sobiq Ittifoq Kubogi va «B» toifali jamoalar birinchiligida qatnasha boshladi.

1956 yil Toshkentda hozirgi kunga qadar o'zbek futbolining eng muvvafaqiyatli va mashhur jamoasi — «Paxtakor» tuzildi.

1991 yil O'zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishdi. Uch yil o'tar-o'tmas, 1994 yili O'zbekiston Osiyo futbol konfederasiyasi (OFK) va Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA)ning to'laqonli a'zosiga aylandi va jahonda bo'ladigan barcha nufuzli musobaqalarda ishtirok etish huquqini qo'lga kiritdi.

O'zbekiston milliy terma jamoasi 1994 yil Osiyo o'yinlari g'olibi sanaladi. Rustam Akramov boshchilik terma jamoa final uchrashuvida Xitoy terma jamoasini 4:2 hisobida mag'lubiyatga uchratgan.

O'zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning e'tiborlari evaziga mustaqillik davrida hukumatiz tomondan bolalar va professional futbolni rivojlantirish yo'lida bir nechta muhim qaror va farmoyishlar qabul qilindi. Natijada, hozirgi kunda Respublikada bolalar va o'smirlar futboli, professional futbol, futzal, ayollar futboli va ommaviy futbolni rivojlantirish uchun barcha huquqiy va normativ asos yaratilgan.

O'zbekiston Futbol Federasiyasi musobaqalar o'tkazish faoliyatini professionallashtirish yo'lida 2009 yil O'zbekiston Professional Futbol Ligasi tuzdi. Ushbu liga mamlakatimizda o'tadigan futbol bo'yicha Oliy va Birinchi liga musobaqalarini o'tkazishni o'z bo'yniga oladi.