Free ebooks Library zlibrary project

Ayni kunlarda O’zbekiston o’smirlar terma jamoasi U16 Osiyo chempionatiga tayyorgarlik jarayonini davom ettirmoqda.

25 nafar futbolchidan iborat o’smirlar jamoasi Toshkentdagi “Chig’atoy” bazasida o’quv-mashg’ulot yig’ini o’tkazmoqda.

Bosh murabbiy Olim Shokirov o’smirlar terma jamoasining hozirgi holati, karantin cheklovlarining ta’siri, ayni kunlardagi mashg’ulotlar va U16 Osiyo chempionatiga tayyorgarlik jarayoni haqida o’z fikrlarini bildirdi.

– Bahor oylaridagi dastlabki karantin cheklovlari sabab mashg’ulotlarimizda tanaffus yuzaga keldi. Biroq karantindan so’ng yangi rejaga asosan mashg’ulotlarni davom ettirmoqdamiz. O’quv-mashg’ulot yig’inlari, asosan, “Chig’atoy” bazasida bo’lib o’tmoqda.

Nazorat bahslarida o’smirlarimiz “Bunyodkor U18”, “Paxtakor U18” va Birinchi liga jamoalariga qarshi maydonga tushyapti. Chiziqlar bo’yicha yetakchi futbolchilarimiz bor. Mashg’ulot va nazorat o’yinlari orqali jamoaviy o’yinni yanada yaxshi tashkil etish uchun harakat qilyapmiz.

Albatta, karantin futbolchilarimizning jismoniy holatiga jiddiy ta’sir ko’rsatdi. Chunki bir muddat ular mashg’ulotlarsiz qolib ketdi. Shu sababli barchasini qaytadan boshlashga majbur bo’ldik. O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi o’quv-mashg’ulot yig’inlarini reja bo’yicha tashkillashtirib bermoqda. Ayni paytda futbolchilar avvalgi sport formalariga qaytib olishdi.

Eng kamida jahon chempionatiga yo’llanma olishni xohlaymiz. Bir necha yildirki, ushbu yosh toifasidagi terma jamoalarimiz “kichik mundial”ga bora olmayapti. Jahon chempionatida qatnashish futbolchilarning o’ziga ham katta foyda bo’ladi.

Osiyo chempionatining keyingi yilga qoldirilishi, bir hisobdan, biz uchun yaxshi bo’ladi. Endi tayyorgarlik uchun ko’proq vaqtimiz bo’ladi, rejalarni yanada mukammallashtirib olamiz. Ushbu yoshda bir necha oy muddat futbolchining butkul o’zgarishiga sabab bo’lishi mumkin. Yuqorida ta’kidlaganimdek, biz jamoaviy o’yinni shakllantirishimiz lozim va qit’a birinchiligining qoldirilishi biz uchun qo’shimcha imkoniyat yaratadi.

Karantin davrida xalqaro o’yinlar bo’lmayotgan edi. Mamlakatlararo aviaqatnovlarning qayta tiklanishi yoshlarimizga o’z tengqurlari bilan kuch sinashib ko’rishga imkon beradi. Bu kabi o’yinlarsiz asl kuchni bilish qiyin kechadi. Boshqa terma jamoa yoshlari bilan bahs olib borsak, xato va kamchiliklarimizni ko’rib olishimiz mumkin bo’ladi, albatta.

Avstraliya va Janubiy Koreyaning barcha nazorat uchrashuvlarini ko’rib, tahlil qilmoqdamiz. Hindiston esa bizga begona emas. Ammo bu sharoitda jamoalarning kuchiga baho berish qiyin. Aytib o’tganimdek, bu yoshda futbolchilar kun sayin o’zgarib boradi. Shu sababli, biz avvalroq o’tkazilgan o’yinlarga qarab, ularga baho berishga harakat qilyapmiz.

Guruhdagi hech qaysi jamoadan hayiqishga hojat yo’q. Murabbiylar shtabi bilan birgalikda futbolchilarga ham shuni singdirishga urunmoqdamiz. Bu yosh toifasida istalgan terma jamoani mag’lub etsa bo’ladi.

Yig’inimizga jalb qilingan barcha futbolchilar o’ziga yarasha kuchli jihatlarga ega. Jamoamizda kelgusida o’zbek futbolining yuzi bo’lishga qodir individual mahorat egalari ham bor. Ularning ushbu yo’lda og’ishmay olg’a borishiga biz ham umid bildiramiz.