Bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati futbol bo‘yicha Olimpiya terma jamoasini shakllantirish va ularning shug‘ullanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish masalalari bo‘yicha uchrashuv o‘tkazishdi.

Unda O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov hamda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, MOQ raisi o‘rinbosari Saken Polatov ishtirok etdi.

Uchrashuvda Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarining futbol bahslariga tayyorgarlik ko‘radigan Timur Kapadze boshchiligidagi yoshlar jamoasidan iborat klub tuzilib, jamoa uchun zamonaviy baza shakllantirish masalalari atroflicha muhokama olib borildi.

“Olimpiya” nomi ostida tuziladigan bo‘lajak jamoa yangi mavsumdan boshlab Pro-ligada ishtirok etishi rejalashtirilgan bo’lib, klub Toshkent viloyatidagi “Yevrosiyo” (sobiq “Do‘stlik”) sport majmuasida qo‘nim topadi. Uchrashuvda bazadagi sharoitlar yaqindan o‘rganilib, qilinishi kerak bo‘lgan qo‘shimcha vazifalar belgilab olindi. Unda kompleks tarkibiga 50-60 o‘rinli kichik mehmonxona, qo‘shimcha maydonlar qurish, ob’yektning infratuzilmasini qayta rekonstruksiya qilish kabi xulosalarga kelindi.

Bu loyihalarning barchasi Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga futbol bo‘yicha Olimpiya terma jamoamizning litsenziya olishini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Qayd etish kerak, Olimpiya terma jamoasini shakllantirish bo‘yicha bunday amaliyot o‘zbek futboli tarixida birinchi bora amalga oshirilmoqda. 4 yil avval OTJ shakllantirilib, yaxlit klub sifatida musobaqalarda ishtirok etishi futbolchilarni yanada jipslashtirib, ularda muntazam o‘yin amaliyoti bo‘lishi ta’minlaydi.