Free ebooks Library zlibrary project

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda futbolni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida xalqaro talablardan kelib chiqib, futbol sport turi bo‘yicha vositachilar (agentlar)ning faoliyatini tartibga solish va ularni akkreditasiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqishga va amaliyotga joriy etishga alohida urg‘u berilgan.

Shu munosabat bilan, FIFAning vositachilar bilan ishlash reglamenti asosida hamda futboli rivojlangan yetakchi Yevropa mamlakatlarining tajribasini o‘rgangan holda, O‘FA tomonidan “Futbol sport turi bo‘yicha vositachilar (agentlar) bilan ishlashga doir reglament” ishlab chiqilib, joriy yilning sentyabr oyidan amaliyotga joriy etish reja qilingan.

Ushbu reglamentni ishlab chiqishdan asosiy maqsad agentlik sohasini tubdan isloh qilishdan iborat. Hozirgi kunda agentlar orasida yosh futbolchilarning kelajagini o‘ylamay, ularning ishonchini suiste’mol qilgan holda, moddiy manfaat ko‘rayotgani ko‘p uchramoqda. Ana shunday holatlarga chek qo‘ygan holda, agentlar ishida shaffoflik va halollik, shuningdek, professional yondashuvni ta’minlash katta ahamiyat kasb etadi. Iste’dodli futbolchilarning darajasi va mahorati oshishi hamda futbolimiz rivojiga hissa qo‘shishi agentlik faoliyatining ustuvor vazifasi bo‘lishi talab etiladi. Bu borada Yevropaning futboli rivojlangan mamlakatlar tajribasi ham o‘rganib chiqilyapti.

Hozirgi kunda O‘FA mutaxassislari tomonidan mazkur reglament loyihasini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. Shu sababli, o‘zbek futboliga hamda mazkur sohaga befarq bo‘lmagan mutaxasislardan futbol agentlari yo‘nalishini tartibga solish borasida o‘z taklif hamda fikr-mulohazalarini joriy yilning 10-avgustiga qadar bildirish imkoniyati borligini ma’lum qilamiz.

Bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar O‘FA mas’ul mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilib, reglament loyihasini ishlab chiqishda inobatga olinadi.

O‘z takliflaringiz bo‘yicha 2021 yil 10 avgust soat 17.00 ga qadar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga quyidagi manzil orqali murojaat qilishlaringiz mumkin.

Manzil: Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Islom Karimov ko‘chasi, 98/A uy

Telefon:
+99871 230 90 42
+99871 230 90 45

Faks:
+99871 230 90 51

E-pochta:
info@ufa.uz