Free ebooks Library zlibrary project

OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov boshchiligidagi mutaxassislar hududlardagi futbol ommaviyligini oshirish, bolalar-oʻsmirlar futbolini yanada rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrif buyurishdi.

Tashrif avvalida Nukus shahrida joylashgan “Turon” stadionining hozirgi holati va sunʼiy maydonining sifati koʻzdan kechirildi. Bundan tashqari, futbol akademiyasi uchun mazkur hududda joylashgan zaxira maydonlari loyihasi oʻrganildi. Akademiya hamda sport maktablari yotoqxonalari, oshxona va boshqa inshootlar qurilish-rekonstruksiya loyihalari bilan yaqindan tanishildi. Qurilish davom etayotgan joylarda quruvchi tashkilot vakillariga xalqaro standartlar yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi.

Shundan keyin, OʻFA mutasaddilari va mahalliy mutaxassislar ishtirokida Qoraqalpogʻiston miqyosida bolalar futbolining infrastrukturasi yuzasidan fikr almashildi. Kegayli, Boʻzatov va Qoraoʻzak tumani bolalar-oʻsmirlar sport maktablari murabbiylari va tarbiyalanuvchilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Oʻlkada isteʼdodli yoshlar koʻp ekanligi, ularni toʻgʻri yoʻnaltirib, zamonaviy metodika asosida katta futbolga tayyorlash lozimligi, bu borada hududda imkoniyat yetarli ekanligi va uni yanada yaxshilash kerakligi taʼkidlandi.