OʻFA rahbariyati terma jamoalarning murabbiylari tomonidan amalga oshirilgan ishlar hisoboti va keyingi musobaqaga tayyorgarlik rejalari bilan tanishdi. Yigʻilish davomida har bir yosh toifasidagi murabbiylar oʻz ishiga zamonaviy, rejali va bugungi kun jahon futbolidagi talablarga mos ravishda yondashishi zarurligi taʼkidlandi. Tayyorgarlik jarayonida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, murabbiylar shtabida esa doimiy ravishda tahlilchilar, seleksionerlar va toʻliq tibbiy tarkib boʻlishi talab qilindi.

Turli yosh toifasidagi 17 ta terma jamoalarimizning barchasiga yagona futbol falsafasini singdirish, futbol mentalitetidan kelib chiqib asosiy yoʻnalishlarni belgilash masalasi oʻrtaga tashlandi. Bu borada murabbiylar kengashining tajribali vakillari ham oʻz fikrlarini bildirib oʻtishdi.

“Oʻtkazilgan uchrashuvlar, boʻlajak raqiblar, har bir futbolchining xatti-harakatlari sinchkovlik bilan oʻrganib chiqilishi va tahlil etilishi zarur. Dunyo futboli bilan hamnafas boʻlish, tahliliy va tanqidiy yondashib, oʻz ustida ishlagan holda natijalarni yaxshilab borish har bir murabbiyning vazifasi”, dedi Ravshan Ermatov.

Yigʻilishda, shuningdek, bolalar-oʻsmirlar va ayollar futbolini rivojlantirish, seleksiya jarayonini yanada kuchaytirish, turnirlarga futbolchilarni nafaqat jismonan, balki kuchli texnik-taktik tayyorlab borish masalalari ham muhokama etildi.

Oʻzbekiston U-16 terma jamoasining CAFA turniridagi ishtiroki ijobiy baholandi. Oʻz navbatida, oʻsmirlar terma jamoalariga oʻyinchilar yetishtirib berishda alohida tizim yoʻlga qoʻyish, bu borada akademiyalarning faoliyatidagi uzviy zanjirni mustahkamlash, murabbiylarni xorijda malaka oshirishlarini tashkil yuzasidan takliflar bildirildi.

Mutaxassislar tomonidan oldinda turgan musobaqalarga tizimli tayyorgarlik koʻrish rejasi ishlab chiqilib, barcha yosh toifasidagi jamoalar uchun tatbiq etish vazifasi qoʻyildi.