Mamlakatimizda sportning barcha sohalarini rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, ayniqsa, kelajagimiz egalari boʻlgan yosh avlodni har jihatdan yetuk va komil insonlar sifatida ulgʻaytirishga yuksak darajada eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada sportni ommaviylashtirish, xususan, bolalar sportini rivojlantirish borasida sohaga professional kadrlarni jalb etish, ularni malakasini oshirib borish eng muhim vazifalardan biridir.
Bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida OʻFA hamda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rahbariyati oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda tomonlar ilmiy, oʻquv-uslubiy, pedagogik ish faoliyatlari, xalqaro hamkorlik boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan oʻzaro tajriba almashish, xorijiy mutaxassislar ishtirokida maʼruza-seminarlar, ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish toʻgʻrisida fikr almashdilar.
Uchrashuvda universitetning iqtidorli talabalari orasidan isteʼdodli futbolchilarni saralab olish, hakam, seleksioner va murabbiylikka iqtidori bor yoshlarga taʼlim berish va sohaga jalb etish borasida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, suhbat davomida futbol mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, ilmiy-metodik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali futbol sohasida yetuk va chuqur bilimga ega kadrlar tayyorlash boʻyicha OʻFA qoshida Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazi ham faoliyat koʻrsatayotganligi, u yerda 7 yoʻnalishda kadrlar tayyorlanayotganligi qayd etilib, ushbu kelishuv ikkala tomon uchun ham manfaatli boʻlishi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, universitetning “Futbol” kafedrasi professor-oʻqituvchilarini assotsiatsiyaning xalqaro oʻquv kurslariga murabbiylar taʼlimi boʻyicha instruktor yoki instruktor assistenti sifatida jalb qilish va tinglovchilarning bilimlarini takomillashtirish maqsadida futbolga zamonaviy, ilmiy-tahliliy materiallar joriy etish, ular ustida birgalikda ishlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida OʻFA hamda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida Memorandum imzolandi. Unga koʻra, tomonlar Oʻzbekistonda futbolni aholi oʻrtasida eng ommaviy sport turiga aylantirish, universitet talabalaridan yuqori iqtidorga ega boʻlgan yosh futbolchilarni tanlash, saralab olish va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish, xalqaro talab va standartlar asosida futbol boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash borasida yaqindan hamkorlik qilishi koʻzda tutilgan.