Bugun Namangan shahrida joylashgan Viloyat futbol mahorati maktabi tasarrufidagi “Yosh kuch” stadionida Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan hamkorlikda barpo etilgan yangi sunʼiy qoplamali maydonning ochilish marosimi oʼtkazildi.

Katta tantana tarzida tashkil etilgan ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozarov, Jismoniy tarbiya va sport vazirning birinchi oʼrinbosari, OʼFA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, Oʼzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov, terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov hamda futbol jamoatchiligi vakillari ishtirok etishdi.

Ochilish marosimida dastlab Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozarov soʼzga chiqib, OʼFA tomonidan yurtimizda futbol ommaviyligini oshirish, hududlarda mavjud infratuzilmani yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlarga katta baho berdi. Oʼz navbatida Ravshan Ermatov ham Namangan xalqi azaldan futbolni yaxshi koʼrishini alohida qayd etdi:

– Namanganda futbolga hamisha katta eʼtibor qaratib kelinadi. Namangan ahli futbolga oʼzgacha mehr qoʼyganini nafaqat yurtimizda, balki undan tashqarida ham juda yaxshi bilishadi. Bejizga bu yerdan koʼplab mashxur futbolchilar yetishib chiqmagan. Ayni paytda yurtimiz oktyabr oyida mezbonlik qiladigan 19 yoshgacha boʼlgan futbolchilar oʼrtasidagi Osiyo chempionatining guruh bahslarini Namanganda ham oʼtkazishni rejalashtiryapmiz. Shu kabi jihatlarni inobatga olgan holda OFK bilan hamkorlikda namanganlik yosh futbolchilar uchun sunʼiy qoplamali maydon barpo etildi. Ishonchim komil, yaqin kelajakda bu yerda shugʼullanadigan yosh isteʼdod egalari katta futbolchilar boʼlib yetishadi va milliy terma jamoamizning muvaffaqiyatlariga xissa qoʼshishadi, – dedi Ravshan Ermatov.

Shundan soʼng yangi qurib bitkazilgan maydonda ilk uchrashuv oʼtkazildi. Xayrullo Bozarov hamda Ravshan Ermatov boshlab bergan uchrashuvda yaqin oʼtmishning mashxur futbolchilaridan iborat jamoa Namangan viloyati futbol mahorati maktabining 2002-yilda tavallud topgan futbolchilariga qarshi bahs yuritdi. Yosh oʼyinchilar Odil Аhmedov, Shuhrat Mirxoldirshaev, Sanjar Аsqaraliev, Ilhom Boydedaev, Nosir Otaqoʼziev kabi mahorat egalariga qarshi toʼp surib, ulardan maydonda zarur koʼnikmalar olish imkoniga ega boʼlishdi.