Free ebooks Library zlibrary project

O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2021-yildan boshlab yangi an’anani yo’lga qo’ymoqda.

O’zbek futboli rivojiga o’z hissasini qo’shib kelayotgan, jahon arenalarida yurtimiz dovrug’ini dunyoga taratayotgan hamda mamlakatimizda futbol ommaviyligini oshirishda muhim o’rin tutgan futbolchi va mutaxassislar O’FA prezidentining maxsus sovrinlari bilan taqdirlandi.

O’FA majlislar zalida o’tgan bugungi taqdirlash marosimida O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov, birinchi vitse-prezident Ravshan Ermatov va bo’linmalar rahbariyati ishtirok etdi.

Bu yil ushbu taqdirlash jarayoni birinchi bor yo’lga qo’yildi va unda 5 ta nominatsiya joriy etildi.

O’tgan mavsumda muxlislar va mutaxassislar e’tiborini qozongan, terma jamoalarimiz safida ishonchli o’yin ko’rsatgan Ibrohimhalil Yo’ldoshev “Yil kashfiyoti” nomiga sazovor bo’ldi. Sovrinni Ravshan Ermatov yosh futbolchimizning otasi Xabibullo Yo’ldoshevga topshirdi.

O’zbek futboli afsonasi Gennadiy Denisov “Milliy terma jamoa faxriysi” sovriniga munosib deb topildi.

Ham maydonda, ham uning tashqarisida barchaga o’rnak bo’ladigan, har bir terma jamoaning ramziga aylangan futbolchi Odil Ahmedov O’zbekiston MTJdagi mardonavor harakati va fidoiyligi uchun “Milliy terma jamoa yuragi” sovrini bilan taqdirlandi.

Jizzax viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Ergash Saliyevning futbol ommaviylik darajasini oshirishdagi mehnatlariga munosib baho berildi. O’FA prezidenti Abdusalom Azizov Ergash Saliyevni “O’zbek futboli rivojiga qo’shayotgan hissasi uchun” sovrini bilan taqdirladi.

Italiyaning “Jenoa” klubi safida sermahsul va yuqori darajali o’yin ko’rsatib, o’zbek futbolini jahonga yanada tanitayotgan Eldor Shomurodov asosiy nominatsiya bo’lmish “O’zbek futbolining yorqin yulduzi” sovriniga loyiq deb topildi.

Mazkur sovrinni tajribali futbolchimizning otasi Azamat Shomurodov O’FA rahbaridan qabul qilib oldi.