O’zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish, sog’lom turmush tarzini keng tadbiq etish hamda ommaviy sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirishga qaratilgan farmonlarining ijrosi yuzasidan Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida yig’ilish bo’lib o’tdi.

Unda O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi vakillari, viloyat boshqarma boshliqlari va tegishli tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

Yig’ilishda mahalla yoshlari o’rtasida sportning futbol, voleybol, stol tennisi va yengil atletika turlari bo’yicha musobaqalarni tashkil etish va o’tkazish masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, viloyat miqyosida 12-17 yoshli maktab o’quvchilari hamda barcha mahallalarda istiqomat qilayotgan 18-30 yoshdagi uyushmagan yoshlar ishtirok etadigan sport musobaqalarida malakali hakamlar xizmatidan foydalanish, bellashuvlarni adolatli va shaffof o’tkazish, sport inshootlari hamda zarur sport anjom va jihozlar bilan ta’minlash masalalari ham kun tartibidan o’rin oldi.

Mazkur sport bellashuvlarni o’tkazish tartibi, musobaqa nizomlari hamda g’olib va sovrindorlarni qay tartibda taqdirlash haqida kelishib olindi.