Free ebooks Library zlibrary project

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich Xitoy bilan bo‘ladigan o‘yin oldidan Osiyo futbol konfederatsiyasi rasmiy sayti uchun intervyu berdi.

Suhbat davomida yaqin o‘tmishning mashxur futbolchisi sanaladigan serbiyalik mutaxassis Osiyo va Yevropa futbolida faoliyat olib borishning o‘ziga xos jihatlari, U-23 Osiyo chempionatida g‘alaba qozonish uning uchun o‘zgacha ahamiyat kasb etishi, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi a’zolarining yaxshi saviyadagi futbolchilarga aylanishiga ishonishi, o‘z vaqtida “Portu” hamda “Benfika” jamoalari safida to‘p surib, qator sovrinlar qo‘lga kiritgani, shuningdek, Serbiya yoshlar terma jamoasi bilan Yevropa chempioni bo‘lgani, endilikda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan ham qit’a chempionatini yutish niyatida ekani haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi:

 

– U-23 Osiyo chempionatiga tashrif buyurgan har bir jamoa imkon qadar yaxshi natija qayd etishga urinadi. Shu boisdan har bir o‘yinda raqib tomonidan kuchli qarshilikka duch kelinishi tabiiy.

 

– Eron bilan o‘yin ancha murakkab kechdi. Har qanday yirik musobaqada ilk o‘yin oson o‘tmaydi, odatda. Biz g‘alaba qozonish niyatida edik, lekin yakunda durang qayd etildi. Endi Xitoy bilan o‘yinga jiddiy hozirlik olib boryapmiz. Raqib – yaxshi saviyadagi jamoa. Ular bilan o‘yin ham oson o‘tmasligi tabiiy. Lekin men shogirdlarimga ishonaman.

 

– Futbolchi sifatida ham, murabbiy sifatida ham sovrin yutish, Jahon chempionati yoki Olimpiada kabi yirik musobaqalarda qatnashish juda yoqimli. Men o‘yinchi sifatida ko‘p bora Portugaliya chempionligini qo‘lga kiritganman, Yevrokuboklarda, Yevropa va Jahon chempionatlarida ishtirok etganman. Serbiya yoshlar terma jamoasi ustozi sifatida Yevropa chempionatida g‘olib chiqish nasib etgan. Endilikda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan katta muvaffaqqiyatlarga erishishni istayman. Ayni paytdagi asosiy maqsadimiz – Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish.

 

Shu va shu kabi savollarga berilgan batafsil javoblarni biroz keyinroq OFK veb-saytida tomosha qilish imkoniga ega bo‘lasiz.