Free ebooks Library zlibrary project

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonlari, shuningdek, “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyati, ushbu hujjatlar ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlarga bag’ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi Avaz Maksumov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining o‘rinbosari Avazjon Karimov, vazirlikning boshqarma boshlig‘i Aziz Hasanov hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Anjumanda nutq so’zlagan O’FA bosh kotibi Avaz Maksumov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan bajarilayotgan ishlar bo’yicha axborot berdi.

O’FA bosh kotibi OFK va UEFA kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlab borilayotgani va mazkur tashkilotlarning donor mablag’lari hisobidan Nukus, Namangan, Buxoro va Toshkent shaharlarida eng zamonaviy stardartlar asosida sun’iy qoplamali maydonlar qurib bitkazilganligi bo’yicha ma’lumot berdi.

Shuningdek, bolalar va o’smirlar futbolini rivojlantirish yo’lida yurtimiz bo’ylab “sport maktablar futbol ligasi”, hududiy terma jamoalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi, “Professional futbol maktablari ligasi” kabi tashkil etilgan bir qator musobaqalar hususida so’z yuritdi.

“Ushbu turnirlar orqali yuzlab iqtidorli futbolchilar Aziz Haydarov, Timur Kapadze va Server Jeparov tomonidan saralab olinib, terma jamoalar bo‘limiga tavsiya etilmoqda. Futbolni rivojlantirish, yosh iste’dodlarni aniqlash va muntazam shug‘ullanib borishi uchun sharoit yaratish maqsadida bolalar maktab musobaqalaridan boshlab, professional klublargacha bo‘lgan jarayonda seleksiya mezoni ishlab chiqildi”, – dedi Avaz Maksumov.

Futbolchilarning jismoniy holatini tekshirish, ilmiy-tahliliy yondoshish, kuzatib borish va kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lish maqsadida zamonaviy texnologik POLAR tizimi xarid qilinib, amaliyotga tadbiq qilinganligi futbolchilarning jismoniy va funksional holatini real vaqt davomida monitoring qilib borish imkoniyatini taqdim etganligi ta’kidlandi.

“Butun mamlakatimiz bo‘ylab faoliyat olib borayotgan futbolchilar haqidagi umumiy ma’lumotlarning yagona elektron bazasi tashkil etildi. Maxsus dasturdan iborat ushbu elektron baza yordamida futbolchilar faoliyati kuzatib boriladi va monitoring qilinadi. Unda Respublikaning barcha yoshdagi professional va yosh futbolchilari haqida ma’lumotlar to‘planadi va ro‘yxatdan o‘tkaziladi”, – dedi o’z nutqi so’ngida O’FA bosh kotibi Avaz Maksumov.