Free ebooks Library zlibrary project

Xabaringiz bor, soʼnggi yillarda yurtimizda millionlar oʼyini boʼlgan futbol sport turini ommaviyligini oshirish, mamlakat futbolini sohada rivojlangan davlatlar bilan raqobatlasha oladigan darajaga olib chiqish boʼyicha qator amaliy ishlar tizimli ravishda yoʼlga qoʼyilib, bajarilib kelinmoqda.

2019-yil 4-dekabrda “Oʼzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Prezident farmoni Oʼzbekistonda professional futbolni rivojlantirishning asosiy yoʼnalishlarini belgilab berdi.

Ushbu farmon ijrosini toʼliq taʼminlash maqsadida futbol mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, tanlab olish va rivojlantirishga ilgʼor ilmiy-metodik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali futbol sohasida yetuk va chuqur bilimga ega kadrlar tayyorlash kabi koʼplab masalalarga eʼtibor qaratib, kutilayotgan yakuniy natijalar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi maqsad qilindi.

Futbolni atroflicha tahlil qilish natijasida mahoratli mutaxassislar yetishmasligi, zamonaviy futbolga zarur boʼlgan yana bir qator yoʼnalishlar boʼyicha mutaxassislar kamligi aniqlandi.

Shubhasiz, futbolning bugungi rivojlanish tendentsiyasi mamlakatimizda yaratilgan futbol infratuzilmasini malakali sport menejerlarini tayyorlash tizimiga moslashtirishni davrning oʼzi ham talab etmoqda.

Shu bois, xalqaro talab va standartlar asosida futbol boʼyicha mutaxassislarni tayyorlash maqsadida futbol mutaxassislarini tayyorlash markazi oʼz ishini boshladi. Bugun “Bunyodkor” stadionida ushbu markazning tantanali ochilish marosimi boʼlib oʼtdi.

Tadbirda Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, Milliy Olimpiya qoʼmitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, futbol faxriylari, terma jamoa murabbiylari, taniqli futbolchilar, markaz tinglovchilari hamda OАV vakillari ishtirok etdi.

Mazkur markazda xalqaro futbol tashkilotlarining ishlab chiqqan dasturlari va sohadagi yetuk mutaxassislarini jalb qilgan holda trenerlik taʼlimi boʼyicha instruktorlarni tayyorlash yuzasidan ixtisoslashtirilgan kurslar tashkil etilishi koʼzda tutilgan.

Shuningdek, markaz mutaxassislari FIFА, UEFА va OFKning trenerlar tayyorlash boʼyicha yetakchi xorijiy markazlarida muntazam stajirovka oʼtab borishi taʼminlanadi.