O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan mamlakatimizda hakamlik sohasini rivojlantirish, futbol hakamlari malaka va salohiyatini oshirish, halollik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan qator tizimli ishlar muntazam ravishda amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, ushbu mavsum davomida Coca Cola Superliga va Pro-ligada tur o‘yinlari yakunlangach O‘FA Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi tomonidan hakamlar uchun maxsus seminar tashkil etilib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tahlil qilinmoqda.

Bugun O‘FA majlislar zalida Coca Cola Superliga o’tgan tur uchrashuvlari yakunlariga bag‘ishlangan seminar tashkil qilindi. Unda O’FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, hakamlar, nazoratchilar, shuningdek OAV vakillari ham ishtirok etishdi. Hakam va inspektorlar seminar davomida o’tgan turlardagi hakamlarning xatti-harakatlari videomateriallar asosida tahlil qildilar.

Yo‘l qo‘yilgan ba’zi xatolar ko‘rsatib o‘tildi, kamchiliklarni qanday bartaraf etish, keyingi o‘yinlarda bu xatolarni takrorlamaslik uchun nimalarga ahamiyat qaratish zarurligi ta’kidlandi.
OAV vakillari ham tur doirasidagi hakamlik, turli bahsli vaziyatlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Shuningdek, hakamlikning barcha jabhalarini o’z ichiga olgan amaliy mashg’ulotlar o’tkazildi. Unda o’yindan tashqari holat, jarima maydoni ichidagi qoida buzilishlari, to’qnashuvlardan so’ng qabul qilinadigan qarorlar, to’pni qo’l bilan o’ynash va o’yinda ro’y beradigan yana ko’plab holatlar bo’yicha ishlandi.

Bu kabi seminarlar va amaliy mashqlar mavsum davomida o‘tkazib boriladi.