Free ebooks Library zlibrary project

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi futbolchisi Jasurbek Jaloliddinov Qozogʻistonning “Qayrat” klubi bilan shartnoma imzoladi. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi media boʻlimi isteʼdodli futbolchimiz bilan bogʻlanib, yangi jamoaga oʻtish haqidagi qarori, “Qayrat” bilan birgalikda oʻz oldiga qoʻygan maqsadlari va U-23 Osiyo kubogi borasidagi savollarga javob oldi.

— Jasur, avvalo “Qayrat” klubi aʼzosiga aylanganingiz bilan tabriklaymiz. Barchasi qanday yuz berdi, Sizda variantlar boʻldimi va aynan nima sababdan “Qayrat”da toʻxtaldingiz?

— Rossiyadan qaytganimdan soʻng, oʻtgan bir yil davomida hech qanday variantlarni qabul qilmadim, ularni koʻrib chiqmadim ham. Bir necha kun avval “Qayrat”dan taklif boʻlganini eshitdim, lekin koʻchib oʻtish borasida oʻylab koʻrmagandim. Oʻzbekistonda oʻynashda davom etaman, degan niyatim bor edi. Biroq Qurbon Berdiyevning qoʻngʻirogʻidan keyin hammasi oʻzgarib ketdi, u meni jamoasi safida oʻynashga koʻndira oldi.

— Bu qarorga kelishingizda yana kimlar bilan maslahatlashdingiz?

— Aslini olganda, aytganimdek, boshqa klubga koʻchib oʻtish rejamda yoʻq edi. Chunki, terma jamoada bu yil bizni ikkita nufuzli musobaqa kutib turibdi. Ushbu musobaqalarga yaxshi tayyorgarlik koʻrish maqsadida tavakkalchilikka qoʻl urmay turgandim. Murabbiyim Temur aka Kapadze bilan maslahatlashdim, u tanlov oʻzimda ekanligini, yaxshilab oʻylab koʻrishim kerakligini aytdi. Oxir-oqibat “Qayrat”ga koʻchib oʻtishga qaror qildim.

— Qozogʻistondagi faoliyatingizdan nimalarni kutyapsiz?

— Ushbu chempionatda, oʻylaymanki, oʻsishga erisha olaman. “Qayrat”dagi oʻyinlarim orqali Osiyo kubogiga yaxshi formada kelaman, degan umiddaman.

— Shaxsiy va jamoaviy maqsadlaringiz qanday?

Hozircha shaxsiy maqsadlar haqida oʻylamayapman. Jamoaviy maqsadlarga kelsak, avvalo, Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi bilan birgalikda Osiyo kubogini qoʻlga kiritish va “Qayrat” safida koʻproq titullarga ega chiqqan holda tarixga kirishni maqsad qilganman.

— Jamoa bosh murabbiy Qurbon Berdiyev siz bilan suhbatda nimalar dedi?

— Aytganimdek, aynan uning qoʻngʻirogʻidan keyin qarorlarim oʻzgarib ketdi. Meni oʻzining jamoasida koʻrishni xohlayotgani va menga ishonch bildirishini aytdi. Shu sababli, “Qayrat”ga koʻchib oʻtishga qaror qildim. Shartnomaga keladigan boʻlsak, sotib olish huquqi bilan 1 yilga ijara asosida Qozogʻiston klubida toʻp suraman.

— U-23 Osiyo kubogidan nimalarni kutyapsiz, jamoamiz qanday natija koʻrsatadi, deb oʻylaysiz?

— Ushbu turnir Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi uchun ham juda muhim hisoblanadi. Barcha jamoadoshlarim bilan musobaqada gʻalaba qozongan holda, kubok va medallar bilan rahmatli doʻstimiz Diyorbek Rahimqulovning uyiga borishni maqsad qilganmiz. Chunki u jamoamizning bir boʻlagi edi, uning oʻrni haligacha seziladi. Alloh joylarini Jannatdan qilsin.

— Jasur, tigʻiz taqvimda ham vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Yangi jamoangiz safida sizga omad tilaymiz.

— Rahmat.