Free ebooks Library zlibrary project

Tailand yashil maydonlarida 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati davom etmoqda.

Finalga yo‘l olgan Saudiya Arabistoni hamda Janubiy Koreya terma jamoalari Osiyo uchun ajratilgan Olimpiadaning 2 ta yo‘llanmasiga ega chiqishdi. Oldinda 3-o‘rin uchun bahs bor va aynan mana shu o‘yinda Olimpiada-2020da qit’amiz sharafini himoya qiladigan uchinchi jamoa aniqlanadi.

25-yanvar kuni soat 17:30da Bangkokdagi  “Rajamangala” stadionida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda Avstraliya hamda O‘zbekiston olimpiya terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi.

Mazkur o‘yinga O‘zbekiston olimpiyachilari jiddiy hozirlik olib borishmoqda. Bu haqda terma jamoamiz yetakchilaridan biri Azizjon G‘aniyev OFK veb-sayti bilan suhbatda aytib o‘tdi:

– Oldinda juda muhim va mas’uliyatli o‘yin kutib turibdi. O‘yinning ahamiyatini barchamiz yaxshi anglab turibmiz. Avstraliya bilan o‘yinda bor kuch va mahoratimizni ishga solib, Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga urinamiz.

To‘g‘ri, oson bo‘lmaydi. Raqib ham ancha kuchli jamoa. Lekin ular bilan o‘ynasa bo‘ladi. Ayni paytda bor diqqat-e’tiborimiz shu o‘yinga qaratilgan.

O‘zbekistonlik aziz muxlislarimizni bizni qo‘llashda davom etishlarini istardim. Ishoning, sizning daldangiz bizga yanada kuch beradi. Oldindagi muhim uchrashuvda siz – aziz ishqibozlarimizni xursand qilish uchun maydonda borimizni beramiz, – dedi futbolchi.

Suhbatning to‘liq matnini birozdan keyin OFK veb-saytida o‘qish imkoniga ega bo‘lasiz.