Free ebooks Library zlibrary project

Yurtimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishiga o’zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi Avaz Maksumov taqdirlandi.

Bugun Avaz Maksumov o’zbek futboli va futzali rivoji yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishonini qabul qilib oldi.

Avaz Maksumov mehnat faoliyati davomida Toshkent shahar futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi, O’zbekiston mini-futbol assotsiatsiyasi ijrochi direktori, Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi kabi mas’ul lavozimlarda muvaffaqiyatli ish olib bordi. 2019-yildan e’tiboran Avaz Maksumov O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi hamda OFK Rivojlanish qo’mitasidagi O’zbekiston vakili sifatida faoliyat yuritmoqda.

Shu o’rinda ta’kidlab o’tish kerakki, Avaz Maksumov yurtimizda ayollar futboli va futzali rivojiga katta hissa qo’shgan mutaxassislardan biri hisoblanadi. Uning murabbiyligi ostida futzal bo’yicha O’zbekiston ayollar terma jamoasi 2018-yil Tailandda o’tgan Osiyo chempionatida kuchli sakkiztalikdan joy oldi.

Turli xil davrlarda, futzal bo’yicha O’zbekiston milliy terma jamoasida Avaz Maksumov braziliyalik Serjio Sapo va ispaniyalik Xose Maria Mendes kabi mutaxassislarga yordamchi murabbiy sifatida ishlagan. Osiyo miqyosida bu jamoamiz yuksak natijalar qayd etganidan muxlislar xabardor.

Avaz Maksumov OFKning futbol va futzal bo‘yicha murabbiylar yo‘riqchisi hisoblanadi va qit’a miqyosida ushbu sport turlari bo’yicha malakali mutaxassislarni tarbiyalashda o’z hissasini qo’shib kelmoqda.