2021-2022 yillarda bo’lib o’tadigan OCHL va OFK kubogida O’zbekistonga 1+1+1 ko’rinishida yo’llanmalar ajratiladi.

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tashkilotga a’zo mamlakatlar assotsiatsiyalaridan kelasi ikki mavsum davomida qit’aning klublar miqiyosidagi nufuzli musobaqalari Osiyo chempionlar ligasi hamda OFK kubogida qatnashadigan klublar soniga aniqlik kiritib oldi.

Unga ko’ra, Osiyo chempionlar ligasining kelasi ikki mavsumida O’zbekiston klublariga 1+1 kvota ajratiladi. Ya’ni, O’zbekiston Superligasi chempioni OCHL bahslarining guruh bosqichiga to’g’ridan-to’g’ri yo’l oladi. Shuningdek, O’zbekiston kubogi g’olibi OCHLdagi yurishini saralash bosqichidan boshlaydi.

Bundan tashqari, kelasi mavsumdan e’tiboran O’zbekiston klublari uchun OFK kubogi guruh bosqichida ishtirok etish imkoniyati taqdim etiladi.

Bunda O’zbekiston kubogi sohibi OCHL saralashida muvaffaqiyatli ishtirok etgan taqdirda, O’zbekiston Superligasida 2-o’rinni egallagan jamoa OFK kubogida qatnashadi.

Agar O’zbekiston kubogi g’olibi OCHL guruh bosqichiga chiqa olmasa, mazkur jamoa o’z ishtirokini OFK kubogi guruh bosqichidan davom ettiradi. Ushbu holatda, O’zbekiston Superligasi vitse-chempioni OFK kubogi musobaqasida ishtirok etish imkoniyatini yo’qotadi.